Eron ayollar terma jamoasi davlat madhiyasini kuylashdan bosh tortdi (video)

Sport

image

Kecha, 2 mart kuni ayollar futboli bo‘yicha Osiyo kubogi start oldi. Unda Eron ayollar terma jamoasi ilk uchrashuv oldidan davlat madhiyasini kuylashdan bosh tortdi.

Avstraliyaning Gold-Kost shahridagi “Kubus Super” stadionida Janubiy Koreyaga qarshi bahs boshlanishidan avval stadionda Eron madhiyasi yangradi. Shu paytda eronlik futbolchilar qo‘llarini orqaga tutgan holda jim turishdi va madhiyani kuylamadi. Ular hech qanday ifodasiz oldinga qarab saf tortib turishdi, tribunada esa turli munosabatlar bildirildi.

Ushbu voqea mintaqadagi keskin geosiyosiy vaziyat fonida yuz berdi.

Keng jamoatchilik futbolchilarning madhiyani kuylamaslik harakatini amaldagi siyosiy tuzumga nisbatan norozilik ishorasi sifatida talqin qilmoqda.

Uchrashuvda Janubiy Koreya terma jamoasi 3:0 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi. Shunga qaramay, eronlik futbolchilarning bu harakati xalqaro miqyosda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi.

O‘yindan bir kun oldin bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jamoa sardori Zahra G‘anbari va murabbiy Jafari Ali Xomanaiyning o‘limi bilan bog‘liq savollarga duch kelishgan, biroq suhbat tez orada boshqa mavzuga burilgan.

Qayd etish joiz, Yaqin Sharqdagi mojaro sport musobaqlari, jumladan, futbolga ham jiddiy ta’sir qilmoqda. Xususan, bungacha Italiyaning “Inter” jamoasi sobiq futbolchisi va Eron terma jamoasining asosiy hujumchisi Mehdi Taremi faoliyatini yakunlab, Eron armiyasiga qo‘shilishga qaror qilgani haqida xabar berilgan edi.

Shuningdek, Qatar futbol assotsiatsiyasi AQSH va Isroilning Eronga bergan zarbalari hamda mintaqaga javoban uchirilgan raketalar ortidan mamlakatdagi barcha turnir va uchrashuvlarni noma’lum muddatga to‘xtatdi. Shu sabab Dohada o‘tkazilishi rejalashtirilgan Ispaniya va Argentina o‘rtasidagi Finalissima bahsi ham so‘roq ostida qoldi.

Bundan tashqari, Erondagi xorijlikliklar, jumladan o‘zbekistonlik futbolsilar ham mamlakatni tark etishga majbur bo‘lmoqda.

Portugaliya terma jamoasi hamda Saudiya Arabistonining “Al Nasr” klubi sardori Krishtianu Ronaldu mintaqadagi siyosiy vaziyat sabab oilasi bilan birga shaxsiy samolyotida Saudiya Arabistonini zudlik bilan tark etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Janubiy Koreya Osiyo kubogi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing