Eron ayrim davlatlar uchun Hormuz bo‘g‘ozini ochdi
Jamiyat
−
08:31 4638 2 daqiqa
Eron rasmiylari “dushman bo‘lmagan” davlatlar kemalari Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishi mumkinligini bildirdi. Bu haqda Eron BMT Xavfsizlik Kengashi va Xalqaro dengiz tashkilotiga rasmiy xabar yuborgan.
Ma’lumotga ko‘ra, kemalar Eron qarshi harakatlarda ishtirok etmasa va xavfsizlik qoidalariga amal qilsa, Tehron bilan kelishilgan holda bo‘g‘ozdan xavfsiz o‘tish huquqiga ega bo‘ladi.
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi aniqlik kiritib, bu ruxsat ayrim davlatlarga berilganini aytgan. Unga ko‘ra, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Iroq va Pokiston kemalariga o‘tishga ruxsat berilgan.
“Biz do‘st deb hisoblagan davlatlarga ruxsat berdik. Dushmanlarimizga esa bunday imkoniyat yo‘q”, degan u.
Kuzatuv ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Eron ayrim tankerlarni o‘z hududiy suvlaridan o‘tkazib, ularni tekshirayotgan bo‘lishi mumkin. Ba’zi hollarda, asosan Xitoyga tegishli tankerlar oldin ham o‘tkazilgan.
Hormuz bo‘g‘ozi Fors ko‘rfazini ochiq okean bilan bog‘laydi va global energetika uchun juda muhim yo‘l hisoblanadi. U orqali dunyo xom neftining qariyb 35 foizi va suyultirilgan gazning 20 foizga yaqini tashiladi.
28 fevraldan AQSH va Isroil Eronga qarshi harbiy harakatlarni boshlaganidan so‘ng Tehron bo‘g‘ozni yopib, o‘tayotgan kemalarga hujum qila boshlagan. Mojaro boshidan buyon kamida 22 ta kema hujumga uchragan, 3200 ga yaqin kema esa Fors ko‘rfazida qolib ketgan.
22 mart kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronni 48 soat ichida bo‘g‘ozni ochishga chaqirib, aks holda energetika ob’ektlariga zarba berish bilan tahdid qilgan edi. Keyinchalik bu reja muzokaralar foydasiga vaqtincha to‘xtatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron AQSHning mojaroni tugatish bo‘yicha takliflarini qabul qilmagandi va o‘z shartlarini ilgari surgandi.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Eron quyidagilarni talab qilmoqda:
- Yaqin Sharqdagi “barcha frontlarda va barcha qarshilik guruhlari uchun” mojaroni yakunlash;
- Urush takrorlanishining oldini olish uchun aniq mexanizmlarni ishlab chiqish;
- Islom Respublikasiga yetkazilgan zarar uchun to‘lovlarning muayyan miqdorini kafolatlash;
- Tehronning Hormuz bo‘g‘ozi ustidan hukmronligini tan olish.
Live
Barchasi