Eron “bulut ekish” operatsiyasini boshladi
Olam
−
17 noyabr 21730 2 daqiqa
Eron hukumati yog‘ingarchilikni keltirib chiqarish uchun “bulut ekish” operatsiyalarini boshladi. Bu haqda “Iran International” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat so‘nggi o‘n yilliklardagi eng kuchli qurg‘oqchilikka duch kelmoqda. Mamlakatning shimoli-g‘arbida joylashgan Urmiya ko‘li havzasida joriy yog‘ingarchilik mavsumida birinchi marta “bulut ekish” operatsiyasi amalga oshirilgan.
Qayd etilishicha, Urmiya Eronning eng katta ko‘li bo‘lib, qurg‘oqchilik tufayli deyarli qurigan va keng tuzli maydonga aylangan. Shuningdek, xabarda bu kabi operatsiyalar mamlakatning boshqa hududlarida ham amalga oshirilishi qo‘shimcha qilingan.
“Operatsiya yomg‘irni qo‘zg‘atish uchun kumush, yodid va tuz kabi zarralarni samolyotdan bulutlarga purkash jarayonini o‘z ichiga oladi. O‘tgan yili Eron ushbu amaliyot uchun o‘z texnologiyasini ishlab chiqqan”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Shuningdek, mamlakat meteorologiya xizmatining ma’lum qilishicha, bu yil yog‘ingarchilik o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan qariyb 89 foizga kamaygan. Ilmiy sharhlar shuni ko‘rsatadiki, qulay atmosfera sharoitida bu jarayon yog‘ingarchilikni 5-15 foizga oshirishi mumkin.
Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, mamlakat poytaxti Tehronda yog‘ingarchilik miqdori so‘nggi asrdagi eng past darajaga yetgan va viloyatlarning yarmida bir necha oy davomida yomg‘ir yog‘magan. Ko‘p viloyatlarni ta’minlovchi suv omborlaridagi suv sathi rekord darajada pasaygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda sun’iy tarzda qor va yomg‘ir yog‘dirilishi haqida xabar berilgan edi.
Bunyod Keldiboyev
Live
Barchasi