Eron chegaradagi kurd kuchlariga zarba berdi
Olam
−
05 mart 5904 2 daqiqa
Eron razvedka vazirligi mamlakat g‘arbiy chegaralari yaqinida kurd qurolli guruhlarining pozitsiyalariga zarba berilganini ma’lum qildi. Davlat ommaviy axborot vositalari tarqatgan bayonotga ko‘ra, operatsiya Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan va guruhlarga tegishli bazalar hamda o‘q-dori omborlari yo‘q qilingan. Bu haqda “Iran International” yozdi.
Manbada aytilishicha, “separatist terrorist guruhlar” AQSH va Isroil qo‘llab-quvvatida Eron hududiga kirib, shaharlar va chegara hududlarida hujumlar uyushtirishni rejalashtirgan. Tehron tomoni ularning infratuzilmasiga katta zarar yetkazilgani va qurbonlar borligini ta’kidlagan. Shuningdek, chegara hududlaridagi kurd aholisi bilan hamkorlikda vaziyat nazorat qilinayotgani aytilgan.
Biroq Eronning g‘arbiy chegarasida joylashgan Qasr-ye Shirin tumani rasmiylari bu ma’lumotlarni rad etgan. Ularning aytishicha, hududga qurollangan guruhlar kirib kelgani haqida hech qanday rasmiy ma’lumot qayd etilmagan.
Iroq Kurdistoni hukumati vakillari ham kurd muxolifat guruhlarini qurollantirish yoki ularni Eronga yuborish haqidagi xabarlarni asossiz deb atagan. Shu bilan birga, mintaqadagi keskinlik saqlanib qolmoqda: AQSH va Isroilning Eronga qarshi zarbalaridan keyin Tehron va uning ittifoqchilari Iroq Kurdistoniga bir qator raketa va dron hujumlarini amalga oshirgani xabar qilingan.
Ayni paytda Turkiya ham kurd guruhlari faoliyatini yaqindan kuzatayotganini urg‘ulagan. Anqaraning ta’kidlashicha, Kurdiston erkin hayot partiyasi (PJAK) kabi tashkilotlar mintaqada etnik separatizmni kuchaytirib, barqarorlikka tahdid solishi mumkin. AQSH esa kurd qurolli guruhlarini qo‘llab-quvvatlash rejasi haqidagi xabarlarni inkor qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabi Eron hududidan Ozarbayjon Respublikasiga dron uchirilgani haqidagi xabarlarni rad etgan edi.
Live
Barchasi