Eron delegatsiyasi Islomobodni tark etdi
Olam
−
25 aprel 4403 2 daqiqa
Bugun, 25 aprel kuni Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQSH delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazmasdan Pokistonni tark etdi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
“Tarkibida Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bo‘lgan Eron delegatsiyasi Pokiston Bosh vaziri va Tashqi ishlar vaziri bilan kun bo‘yi davom etgan yuqori darajadagi muzokaralardan so‘ng Islomobodni tark etdi”, deya xabar beradi telekanalning voqea joyidagi muxbiri.
“Al Jazeera” ma’lumotlariga ko‘ra, delegatsiya jo‘nab ketishdan oldin Pokiston rahbariyatiga Tehronning AQSH bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha rasmiy talablar ro‘yxatini topshirgan.
Aroqchining bugun, 25 aprel kuni o‘zining Telegram-kanalida e’lon qilgan xabarida Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif va Tashqi ishlar vaziri Ishoq Dar bilan uchrashgani aytiladi.
“Mamlakatimizning o‘t ochishni to‘xtatish va Eronga qarshi majburan urushni to‘liq tugatish bilan bog‘liq so‘nggi voqealar bo‘yicha prinsipial pozitsiyalarini bayon qildim”, deydi Aroqchi.
Shahboz Sharif o‘z navbatida uchrashuvni samimiy deb atagan.
“Biz mintaqadagi joriy vaziyat bo‘yicha juda iliq va do‘stona fikr almashdik. Shuningdek, o‘zaro manfaatli mavzularni, jumladan, Pokiston-Eron ikki tomonlama munosabatlarini yanada mustahkamlashni muhokama qildik”, deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining maxsus vakili Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushnerning Pokistonga safarini bekor qilishga qaror qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi