“Siljish bor”. Oq uy Eron bilan muzokaralar haqida bayonot berdi
Olam
−
25 aprel 3497 1 daqiqa
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt Qo‘shma Shtatlar va Eron muloqotida ilgarilash kuzatilayotganini aytdi. Bu haqda u kecha, 24 aprel kuni bo‘lib o‘tgan brifingda so‘z ochdi.
Levitt AQSH delegatsiyasi Islom Respublikasi vakillari bilan muzokara o‘tkazish uchun Islomobodga yo‘l olishini tasdiqlagan. Muzokarachilar ro‘yxatida vitse-prezident Vens yo‘q, biroq Pokistonga AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va Prezidentning kuyovi Jared Kushner uchayotgani ma’lum.
“Biz, shubhasiz, so‘nggi ikki kun ichida Eron tomonidan ma’lum bir ilgarilashni kuzatmoqdamiz. Prezident eronliklarni tinglash uchun Stiv va Jaredni yuborishga qaror qildi, shuning uchun bu safar ular nima deyishini ko‘ramiz”, deydi Oq uy vakili.
Bungacha Donald Tramp Eronga nisbatan yangi bayonot berib, unda “mamlakatning qolgan qismini portlatib yuborish” bilan tahdid qilgan. Amerika yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, Eron Hormuz bo‘g‘ozi yopilishini emas, balki kuniga 500 million dollar ishlab topish uchun uning ochilishini xohlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Eronga qarshi yadro qurolidan foydalanishni rejalashtirmayotganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan hech qanday mantiq yo‘q.
Live
Barchasi