Eron raketa arsenalini qayta tikladi
Olam
−
13 may 4610 1 daqiqa
AQSH razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Eron Hormuz bo‘g‘ozi bo‘ylab joylashgan 30 ta va 33 ta raketa bazasiga operativ kirish imkoniyatini qayta tiklagan. Bu haqda “ The New York Times” xabar berdi.
Eron hozirda Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi raketa bazalarining katta qismi faoliyatini qayta tiklagani aytilmoqda. Nashr manbalariga ko‘ra, ushbu bazalardan ayrimlari AQSH harbiy kemalari va neft tashuvchi tankerlarga xavf tug‘dirishi mumkin.
Nashrning yozishicha, Eron mobil raketa qurilmalaridan ham foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lib, ularni boshqa hududlarga ham ko‘chirishi mumkin. Bazalarning ayrimlari shikastlangan bo‘lsa-da, faqat uchtasigina to‘liq yopiq holatda qolmoqda.
AQSH harbiy razvedkasi bayonotiga ko‘ra, Eron mamlakat bo‘ylab raketa uchirish qurilmalarining taxminan 70 foizini va urushdan oldingi ballistik hamda qanotli raketalar zaxirasining 70 foizini saqlab qolgan.
Shuningdek, Tehron yerosti omborlari va raketa qurilmalarining 90 foiziga qayta kirish imkoniyatini tiklagani, ularning aksariyati qisman yoki to‘liq ishlayotgani qayd etilgan.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi havo-koinot kuchlari qo‘mondoni Majid Musaviy 19 aprel kuni Eron raketa va dron uchirish tizimlarini modernizatsiya qilishni tezlashtirganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron hukumati agar AQSH tomonidan harbiy zarbalar qayta tiklansa, uranni qurol ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan 90 foizlik ko‘rsatkichgacha boyitish bilan tahdid qilgandi.
Live
Barchasi