Eronga hujum oqibatida halok bo‘lgan ayollar va bolalar 400 dan oshdi
Olam
−
16:31 594 1 daqiqa
AQSH va Isroilning Eronga bergan zarbalari oqibatida 400 nafardan ortiq ayol va 18 yoshga to‘lmagan shaxslar qurbon bo‘lgan. Bu haqda Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
“Halok bo‘lgan ayollar soni – 223 nafar. 18 yoshga to‘lmaganlar – 202 nafar, 5 yoshga yetmagan bolalar esa 12 nafarni tashkil etmoqda”, deyiladi xabarda.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 2729 nafar ayol va 1190 nafar voyaga yetmagan shaxs jarohatlangan. Shuningdek, vazirlik sog‘liqni saqlash sohasining 16 nafar xodimi halok bo‘lgani, 32 ta tez yordam mashinasi hamda 152 ta tibbiyot markazi shikastlangani, 6 tasi esa evakuatsiya qilingani haqida xabar bergan.
Eronning BMTdagi doimiy vakili Amir Said Iravoniyning so‘zlariga ko‘ra, hujum qurbonlarining umumiy soni 1300 kishidan oshgan, biroq bu ma’lumotlar 7 martdan beri yangilanmagan. 10 mart holatiga ko‘ra, Eronda jarohatlanganlar soni 15 ming kishidan ortiqni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Yaqin Sharqqa AQSH dengiz piyoda qo‘shinlarining 5 ming nafargacha bo‘lgan qo‘shimcha kontingentini, shuningdek, bir nechta harbiy kemalarni jo‘natishni ma’qullagandi.