Eronliklar AQSHga kelishi mumkin, ammo biz hech qayerga bormaymiz – Tramp
Olam
−
27 aprel 4150 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp, AQSH bundan buyon Pokistonda Eron bilan muzokaralar uchun delegatsiya yubormasligini ma’lum qildi. Bu haqda u “Fox News” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Agar Eron muzokara qilishni istasa, ular AQSHga o‘zlari kelishi yoki telefon orqali bog‘lanishi mumkin”, degan Oq uy rahbari.
Trampning ta’kidlashicha, AQSH endi vakillarini 18 soatlik uzoq safarga yuborib, samarasiz uchrashuvlar o‘tkazmaydi.
Shu yilning 8 aprelidan boshlab buyon AQSH va Eron o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi amal qilmoqda. Tramp bu kelishuvni noma’lum muddatga uzaytirganini, ya’ni Eron rahbariyati yagona va aniq taklif ishlab chiqmagunicha amal qilishini bildirgan. Shu bilan birga, AQSH Hormuz bo‘g‘ozida joriy etilgan dengiz blokadasini davom ettirishini ham aytgan.
11–12 aprel kunlari Pokistonda AQSH va Eron delegatsiyalari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilgan, biroq ular hech qanday kelishuvsiz yakunlangan. 25 aprel kuni Tramp o‘z maxsus vakili Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushnerning Islomobodga navbatdagi muzokaralar uchun safarini bekor qilganini e’lon qilgan.
“Eron vakillari agar xohlasa, o‘zlari bog‘lanishi mumkin, amerikalik elchilar esa endi 18 soat uchib borib, bekorga gaplashib o‘tirmaydi”, degan Tramp.
Shu bilan birga, Tramp Eron rahbariyati ichida jiddiy kelishmovchiliklar borligini ham ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, “ularning o‘zlari ham kim boshqarayotganini bilmaydi”.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron AQSHga Hormuz bo‘g‘ozini kemalar harakati uchun ochish va urushni yakunlash bo‘yicha yangi taklif yuborgandi. Ushbu taklif Pokiston vositachilari orqali yetkazilgan. Unda uzoq muddatli o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirish yoki urushni to‘liq tugatish bo‘yicha kelishuv tuzish nazarda tutilgan. Shu bilan birga, Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralarni keyinroq muddatga qoldirishni taklif qilgan.