Farg‘onada Labo’ning gazballoni portlab ketdi
3-sahifa
−
18 Sentabr 8138 2 daqiqa
Bugun, 18 sentyabr kuni Farg‘ona shahrida ehtiyotsizlik oqibatida avtomobilga o‘rnatilgan gazballon portlab ketdi. Bu haqda Farg‘ona viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, soat 12:00 larda 1986 yilda tug‘ilgan haydovchi Q.X. Labo rusumli avtomashinasiga gaz to‘ldirish uchun Farg‘ona shahar Qirguli mavzesida joylashgan AGTKSHga kirib, avtomashinasidagi “propan” gaz turi uchun mo‘ljallangan ballonga ehtiyotsizligi oqibatida “metan” gaz quyib yuborishi oqibatida avtomashinaga o‘rnatilgan gaz balloni portlab ketgan. Buning ortidan Labo avtomashinasi texnik shikastlangan.
Bildirilishicha, hodisa tufayli tan jarohati olgan fuqarolar yo‘q. Hozirda ushbu holat yuzasidan qo‘shimcha o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida joylashgan gaz quyish shoxobchasida portlash yuz bergandi. Qolaversa, Samarqand viloyatining Jomboy tumanidagi “zapravka”da ham yong‘in chiqqandi. Yong‘in oqibatida KIA Bongo, Damas va Gentra rusumli avtomobillar zararlangan.
Iyul oyida esa Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumani “Oltin dala” MFYda joylashgan gaz quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘lgan va buning oqibatida 4 kishi vafot etgandi. Ushbu halok bo‘lgan fuqarolarning oila a’zolariga 100 mln so‘mdan kompensatsiya to‘lab berildi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 205- (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 259- (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Aynan shu mahalladagi yana bir “zapravka”da avgust oyi boshida portlash bo‘ldi. 8 avgust kuni Xorazm viloyatining Urganch shahrida joylashgan avtomobillarga mobil yoqilg‘i quyish shoxobchasida katta yong‘in sodir bo‘ldi.
Live
Barchasi