Farg‘onada narkotik ortidan 5 kishi qamaldi (video)

3-sahifa

image

Farg‘ona viloyatida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi bilan shug‘ullangan 5 kishi 12 yildan 15 yilgacha qamaldi. Bu haqda Davlat xavfizlik xizmati xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Farg‘ona viloyatida navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazilgan. 

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, muqaddam narkokur’erlar tomonidan katta miqdordagi giyohvandlik vositalari Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan Surxondaryo viloyati hududiga olib o‘tilib, keyinroq Yozyovon tumanidagi dala maydoniga berkitib ketilgan.

Tezkor tadbir davomida Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan xususiy tadbirkor hamda uning 1989 yilda tug‘ilgan jinoiy sherigi mazkur xufiya joydan 9 kg 896 gr “gashish” moddasini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, qo‘lga olish jarayonida voqea joyidan qochishga uringan tadbirkorning yonidan 14,5 ming AQSH dollari va 6 mln 250 ming so‘m pul mablag‘lari ham olingan.

Bundan tashqari, tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur jinoyatga aloqador bo‘lgan Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi, 1980 yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadonidan 110 gr “opiy” moddasi, 2 ta elektron tarozi, 1200 AQSH dollari hamda 28 mln so‘m olingan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, olib borilgan tergov harakatlari davomida esa mazkur noqonuniy ishga 1990 va 1995 yillarda tug‘ilgan aka-ukalarning ham aloqadorligi ma’lum bo‘lgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘dod tuman sudining hukmiga muvofiq, ushbu 5 nafar sudlanuvchiga tegishliligi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 246-(kontrabanda), 273-(giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) va 276-moddalari (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 12 yildan 15 yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatida pensionerlardan tashkil topgan guruh narkotik moddalarini tarqatgani uchun qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Farg'ona gashish narkotik opiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing