Farg‘onadagi sexda 6 oylik homila ko‘mib ketildi 

3-sahifa

image

Kecha, 28 noyabr kuni Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi hududida joylashgan 12-sonli ishlab chiqarish sexining yer maydoniga taxminan 3-6 oylik bo‘lgan homila ko‘mib ketilgani aniqlandi. Bu haqda QALAMPIR.UZ so‘roviga asosan Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, soat 10:25 da Farg‘ona shahar “Kirguli” MFY Sanoat ko‘chasi 240-uyda joylashgan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi hududidagi 12-sonli ishlab chiqarish sexining yer maydoniga taxminan 3-6 oylik bo‘lgan homila ko‘mib ketilgani aniqlangan. 

Mazkur holat yuzasidan hodisa sodir bo‘lgan joyga shahar prokurori rahbarligidagi tezkor-tergov guruhi chiqib, hodisa joyi va o‘lik homila ko‘zdan kechirilgan hamda voqea joyi, ya’ni homila ko‘mib ketilgan yerdan qonga o‘xshash dog‘lar ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Aniqlanishicha, kecha, 28  noyabr kuni soat 10:00 da zavod hududidagi 12-sexning avtomobil to‘xtash joyidagi yer maydonida daydi it tomonidan yer kovlangan hamda homila aniqlanib, yer ustiga chiqib qolgan. Buni ko‘rib qolgan sex ishchilari esa tegishli tartibda bu haqda xabar bergan.

Zavod hududidan topilgan o‘lik homilaning o‘limi sababi va tan jarohatlarini aniqlash uchun o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotnomasida, “ona qornidagi o‘lik homila, homila ichi infeksiyasi, homila ichi gipoksiyasi, o‘g‘il bola jinsiga mansub 3-4 oylik homila  ekani” qayd etilgan.

O‘lik homilaning genetik materiallari haqidagi ma’lumotlarini olish va saqlash, bazadagi mavjud genetik materiallar bilan solishtirib, uning ota-onasini aniqlash uchun  odamning genetik materiallari sud-biologik ekspertizasi tayinlangan.

Bildirilishicha, hozirda o‘lik homilaning onasini topish bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, “obort” yoki homilani sun’iy tushirishdan keyin tibbiy yordamga murojaat qilgan ayollar hamda zavod xodimlarini aniqlash maqsadida viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi va  shahar IIBga alohida topshiriqlar yuborilgan. 

Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, tekshiruv ustidan nazorat o‘rnatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Farg'ona homila

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing