Charlz III AQSHga tashrifi nimalarni anglatadi?

Tahlil

image

Bugun bir necha kichik orollargagina egalik qilayotgan Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi bir vaqtlar tarixning eng qudratli imperiyalaridan biri bo‘lgani hech kimga sir emas. O‘z vaqtida Hindistondan tortib Shimoliy Amerikagacha bo‘lgan ulkan hududlar Buyuk  Britaniya Qirolligi nomi ostida birlashgan edi.

Ammo vaqt o‘tadi, kuchlilar zaiflashadi, sahnaga yangi o‘yinchilar chiqadi. Bir vaqtlar Britaniya Qirolligi tarkibida bo‘lgan Shimoliy Amerika ahli mana 250 yildirki boshqa bayroq va boshqa qonunlar asosida   yashab kelmoqda. Zamonaviy dunyoning bashafqat raqamlari esa, bugun o‘sha migrantlar davlati “keksa imperiyalar”dan karrasiga qudratliroq bo‘lib qolganiga guvohlik beryapti.

2026 yil 27–30 aprel kunlari Charlz III AQSHga ilk rasmiy davlat tashrifini amalga oshirdi. Donald Tramp taklifiga binoan o‘tkazilgan ushbu uchrashuv, Buyuk Britaniya monarxining so‘nggi qariyb yigirma yildagi AQSHga qilgan ilk  davlat tashrifi bo‘ldi. Rasmiy doiralarda safardan asosiy maqsad AQSH–Buyuk Britaniya “maxsus aloqalari”ni mustahkamlash va AQSH mustaqilligining 250 yilligi fonida tarixiy hamkorlikni qayta ta’kidlashdan iborat ekanligi aytgan.

Shunga qaramay, voqelik tafsilotlari bilan tanishar ekansiz diplomatik jihatdan tashrif murakkab mazmunda o‘tganini, sobiq mustamlaka va “eski xo‘jayin” o‘rtasidagi sovuq munosabatlarni his qilishingiz mumkin. Tomonlar o‘rtasida anchadan beri mavjud bo‘lgan savdo va xavfsizlik masalalaridagi muammolar o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Ommaviy axborot vositalarini esa AQSH rahbarining diplomatik etiketsiz qilgan hazillari va unga qirolning mohirona javoblari portlatdi.

Qirolning tashrif xaritasi

Uzoq kutilgan Charlz III ning AQSHga ilk davlat tashrifi yuqori siyosiy va ramziy ma’nolarga boy bo‘ldi. Dastlab Buyuk Britaniya tomoni rasman 31 mart kuni Qirol Charlz III ning AQSHga borishi e’lon qilingan edi. Siyosiy doiralarda uchrashuv davomida ikki tomonlama munosabatlardagi tarangliklar — xususan, savdo, NATO va Eron mojarosi yuzasidan muzokaralar o‘tkazilishi tahmin qilingan edi.

Tashrif 27 aprel kuni Merilend shtatidagi “Joint Base Andrews” nomli harbiy bazaga qo‘nish bilan boshlandi. Qirol va qirolicha Kamilla dastlab AQSH protokol rahbari Monika Krouli hamda Buyuk Britaniya elchisi Ser Kristian Tyorner tomonidan kutib olindi, so‘ngra Oq uyda Donald Tramp va Melonia Tramp bilan uchrashdi. Shu kuni Janubiy maysazorda qirol va qirolicha AQSH birinchi xonimi tomonidan tashki etilgan yangi asalari uyasi bilan tanishdi. Bu voqea “yumshoq diplomatiya” va ekologik kun tartibini aks ettirdi. Kechqurun Britaniya elchixonasida 650 mehmon ishtirokida bazim tashkil qilindi va aynan bu yerda so‘zlangan nutqlar ko‘pkab muhokamalarga sazovor bo‘ldi.

“Atrofimizni qurshab turgan go‘zallikdan bahra olar ekanmiz, bizning avlodimiz o‘ta muhim tabiiy tizimlarning tanazzuliga qanday chora ko‘rishni hal qilishi lozim. Zero, bu tanazzul tabiatning uyg‘unligi va hayotiy xilma-xilligidan ko‘ra ancha jiddiyroq xavf tug‘diradi”, dedi u.

Shuningdek Charlz III Oq uy rahbariga kema qo‘ng‘irog‘ini sovg‘a qildi. Ma’lum qilinishicha, bu 1944 yilda xizmatni boshlagan Britaniyaning "HMS Trump" suvosti kemasiga tegishli qo‘ng‘iroq bo‘lgan.

“Sizga shaxsiy sovg‘a sifatida sizning jasur nomdoshingiz rubkasida (boshqaruv xonasida) osilib turgan asl qo‘ng‘iroqni taqdim etishdan mamnunman. U mamlakatlarimizning umumiy tarixi va porloq kelajagining guvohi bo‘lsin”, deydi Charlz III.

28 aprel tashrifning eng muhim siyosiy kuni bo‘ldi. Oq uyda to‘liq harbiy tantanali marosim  o‘tkazildi, undan so‘ng Oval kabinetda ikki tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Shu kuni Charlz III AQSH Kongressi qo‘shma majlisida nutq so‘zlab, demokratiya, NATO, Ukraina va iqlim masalalarida umumiy qadriyatlarni ta’kidladi. 28 daqiqa davom etgan nutq ikki partiya a’zolari tomonidan ham ijobiy kutib olindi.

"Bosh vazirim o‘tgan oy aytganidek, bizning hamkorlik ajralmasdir. Biz so‘nggi 80 yil davomida bizni qo‘llab-quvvatlab kelgan barcha narsani e’tiborsiz qoldirmasligimiz kerak. Buning o‘rniga, biz bunga asoslanib ishlashimiz kerak", dedi qirol.

29 aprel kuni qirol Nyu-Yorkda 11-sentyabr memorialiga tashrif buyurib, favqulodda xizmat vakillari bilan uchrashdi, so‘ng Virjiniyada AQSH mustaqilligining 250 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda qatnashdi. Muhim jihatlardan biri hozirda qirollik oilasining rasmiy vakili hisoblanmaydigan qirolning o‘g‘li — Sasseks gersogi va uning rafiqasi Megan bilan uchrashmadi.

Umuman olganda, tashrif davomida aniq kelishuvlar e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, u strategik jihatdan “munosabatlarni stabilizatsiya qilish”ga qaratildi. Charlz III o‘z nutqi va marosimlar orqali siyosiy keskinlikni yumshatish, transatlantik hamkorlikni ramziy va institutsional darajada qayta mustahkamlashga harakat qildi. Shu ma’noda tashrif klassik realpolitikdan ko‘ra, normativ va ramziy diplomatiya vositasi sifatida namoyon bo‘ldi.

Avstraliya bayroqlari

Bayroq shubhasiz davlatning eng asosiy davlat ramzlaridan biri. Rasmiy tadbirlarda bir davlatning bayrog‘i o‘rniga boshqa davlat bayrog‘ini ilish jiddiy xato hisoblanadi, ayniqsa u Buyuk Britaniyadek ahamiyatli davlat bo‘lsa. Buni qarangki, 24 aprel kuni Vashingtonning Kolumbiya okrugi rasmiylari qirol Charlz III ning AQSHga tashrifi oldidan Oq uy yaqinida Britaniya bayroqlari o‘rniga yanglishib bir nechta Avstraliya bayroqlarini osib qo‘yilgani haqida xabarlar tarqaldi. Aslida u qadar ham o‘xshash bo‘lmagan bu ikki bayroqning almashinishi ba’zilar tomonidan sharmandali xatolik sifatida talqin qilingan bo‘lsa, ba’zilar bunda o‘ziga xos signalni ko‘rmoqda.

“Reuters” nashrining xabar berishicha, Britaniya monarxini kutib olish uchun osilgan 230 dan ortiq bayroqlar orasida 15 ta Avstraliya bayrog‘i ham qisqa vaqt davomida paydo bo‘lib qolgan. Garchi ularni tezkorlik bilan Britaniya bayroqlariga almashtirishga ulgurishgan bo‘lsa-da, internetda ko‘plab shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

Bu voqelik qator e’tiroz va “mem”larga sabab bo‘ldi. Yangilik haqidagi videoning izohlar qismida odamlar AQSH ta’lim tizmini qay darajada sifatsiz bo‘lib ketganini e’tirof etib, xodimlarni tanqid qilishgan. Manbalar bu voqeani Britaniyaga nisbatan tahqirlov emas, balki "sharmandali protokol xatosi" va "geografik savodsizlik" belgisi sifatida tasvirlagan.

Mamdani “Ko‘hinur”ni qaytarmoqchi

Bugungi kunda Britaniya muzeyi ko‘plab xalqlarning madaniy merosini o‘zida jam etgan g‘aroyib madaniy maskan. Bir vaqtlar mustamlaka bo‘lgan ko‘plab davlatlarning qimmatbaho artifaktlari hamon usbu muzeyda saqlab kelinmoqda. Ammo eng qimmat eksponatlardan biri bugun muzeyda emas,  Qirolicha Yelizaveta tojiga qadalgan holda saqlanmoqda. Fors tilida "Nur tog‘i" degan ma’noni anglatuvchi 105 karatli - tovuq tuxumi kattaligida – “Ko‘hinur” olmosi uzoq yildan beri Hindistonning milliy tarixidagi muhim antikvar hisoblanadi.

Dastlab Hindistonning Golkonda konlaridan topilgan ushbu qimmatbaho tosh, 1849 yilda Angliya-Sikh urushidan keyingi jazo shartnomasi shartlariga ko‘ra britaniyaliklarga topshirilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, uning vazni dastlab 186 karatni tashkil etgan, ammo britaniyaliklar tomonidan qayta yo‘nilgach deyarli 40% og‘irligini yo‘qotgan. Hindiston “Ko‘hinur” olmosini “millatimiz tarixida chuqur ildizlarga ega bo‘lgan qadrli san’at asari”, deb e’tirof etadi va uni qaytarishni bir necha bor Britaniya hukumatidan talab qilgan. Ammo necha yildirki rasmiy London bu talabni rad etib kelmoqda.

Asl kelib chiqishi Hindistonlik bo‘lgan Nyu-York shahri meri Zohran Mamdani 11 sentyabr qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan marosim oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida qirol Charlz III bilan uchrashsa Buyuk Britaniyadan qimmatbaho “Ko‘hinur” olmosini qaytarishni so‘rab ko‘rishga va’da bergan edi.

"Agar men qirol bilan alohida gaplashsam, ehtimol uni “Ko‘hinur” olmosini qaytarishga undagan bo‘lardim", degan edi u.

Ma’lum bo‘lishicha keyinchalik Mamdani marosimda qirol Charlz bilan uchrashgan, ammo  olmos mavzusini ko‘tarib chiqqanmi yoki yo‘qmi noma’lum. Mamdanining ofisi ham, Bukingem saroyi ham o‘zaro muloqot tafsilotlarini oshkor qilmadi ammo Britaniya hukumati bu gal ham rad javobini bergan bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Shunga qaramay tobora rivojlanib, jahon sahnasida katta ahamiyat kasb etib borayotgan Hindistonning pozitsiyasi borgan sari siyosiy doiralarda jiddiy qabul qilinmoqda. Jumladan, Qirolicha Kamillaning toj kiyish marosimida Yelizavettaning olmosli toji ishlatilmadi, chunki xabarlarga ko‘ra, agar u ishlatilsa, Hindiston bilan diplomatik mojaro kelib chiqishi borasida xavotirlar bo‘lgan. Buning o‘rniga, yangi qirolichaga Qirolicha Mariyaning toji kiydirilgan.

Til haqida hazillar

Diplomatik nutqlar “orqasida” doimo ko‘ringanidanda muhimroq ishoralar bo‘ladi. Minbar oldida aytilgan nutqlarni to‘gridan-to‘g‘ri qabul qilib bo‘lmaydi, ba’zan hazilga yo‘yilgan gaplar ham jiddiy pozitsiyani ifodalashi mumkin.

Joriy yilning 21 yanvar kuni Jahon iqtisodiy forumi doirasida nutqqa chiqqan AQSH rahbari Donald Tramp Amerikaning Ikkinchi jahon urushidagi o‘rnini ancha baland baholab, AQSH aralashuvisiz Gitler Yevropani bosib olishiga ishora qilib hazillashgan edi.

“Biz bo‘lmaganimizda, hammangiz nemischa yoki biroz yaponcha gaplashayotgan bo‘lardingiz, ehtimol”, degan edi u.

O‘sha vaqtda ham bunday diplomatik etiketsiz aytilgan hazil ko‘plab e’tirozlarga javob bo‘lgan edi. Ammo bu gal Buyuk Britaniya qiroli Charlz III qaysidir ma’noda Trampdan “qasos oldi”.

27 aprelda tashkil etilgan bazim doirasida Trampning oldingi bayonotiga javoban AQSH mustaqilligidan oldingi Buyuk Britaniya va Fransiya ta’siri ostida bo‘lgan Shimoliy Amerikani yodga oldi.

“Men esa shuni aytishga jur’at etaman: agar biz bo‘lmaganimizda, sizlar fransuzcha gapirgan bo‘lardingiz”, degan Trampning so‘zlariga javoban Charlz III.

Aslida ham aynan Britaniyaning Shimoliy Amerika ustidan nazoratni qo‘lga olishi AQSH tashkil topishiga olib kelgan deyish mumkin. 1763-yilgi Yetti yillik urush natijasida Britaniya imperiyasi "Yangi Fransiya" ustidan g‘alaba qozonib, qit’ada ingliz tili va madaniyati ustuvorligini ta’minladi. Biroq urush keyin yangi xo‘jayinlar qolgan qarzlarni qoplash maqsadida koloniyalarga og‘ir soliqlar soldi. Fransuzlar tazyiqidan qutulgan va iqtisodiy bosimdan norozi kolonistlarda mustaqillik ruhi uyg‘ondi.

Paradoksal ravishda, Britaniyaning bu yirik g‘alabasi AQSH mustaqillik urushiga zamin yaratdi. Agar fransuzlar nazorati saqlanib qolganida, bugungi global siyosat va madaniyat butunlay boshqacha ko‘rinishda bo‘lar edi.

Xulosa qilib aytganda, AQSH hamda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi o‘rtasidagi aloqalar hamkorlik aloqalariga asoslangan edi, toki hokimiyat tepasiga “hazilkash” Tramp kelmaguncha. Bugun Transatlantik ittifoq taqdiri mubham bo‘lib qolmoqda. Yevropaning eng asosiy do‘sti – AQSH bugun undan yuz o‘girmoqchidek.  Charlz III ham shuni tushunib turibdiki, Yevropaga AQSH, AQSHga esa Yevropa kerak.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Charlz III Qirol

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing