Netanyaxu AQSH harbiy yordamidan voz kechmoqchi (video)
Olam
−
11 may 2589 2 daqiqa
Isroil AQSH tomonidan harbiy sohada ko‘rsatiladigan moliyaviy ko‘makni qisqartirish niyatida. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu kecha, 10 may kuni efirga uzatilgan CBS News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Amerikaning moliyaviy yordamini qisqartirish imkoniyatini ko‘rib chiqyapsizmi, degan savolga Isroil Bosh vaziri ijobiy javob bergan.
“Shubhasiz. Men bu haqda Prezident Trampga aytdim. Men Amerikaning moliyaviy ko‘magini, harbiy hamkorligimizning moliyaviy qismini nol darajasiga tushirishni istayman. Chunki biz har yili 3,8 milliard dollar olamiz. Menimcha, harbiy yordamning qolgan qismidan voz kechish vaqti keldi”, deydi Netanyaxu.
U ushbu jarayonni darhol boshlab, o‘n yil ichida yakunlashni istashini qo‘shimcha qilgan.
Ma’lumot uchun, Amaldagi kelishuvga ko‘ra (uning muddati 2028 yilda tugaydi), AQSH har yili Isroilga yuqorida qayd etilgan miqdorda mablag‘ ajratishi ko‘zda tutilgan. Biroq Braun universiteti huzuridagi “Costs of War Project” tadqiqot markazining ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS G‘azo sektoridan Isroil hududiga kirib borganidan keyingi davrdan boshlab 2025 yil oktyabrigacha bo‘lgan vaqt ichida AQSHning Isroilga ko‘rsatgan harbiy yordami jami 21,7 milliard dollardan oshgan.
“Pew” tadqiqot markazining yaqinda o‘tkazilgan so‘rovnomasiga ko‘ra, katta yoshli amerikaliklarning 60 foizi Isroilga nisbatan salbiy munosabatda ekanligini bildirgan. Bu to‘rt yil oldingi ko‘rsatkichga nisbatan deyarli chorak qismga ko‘pdir. Bunday munosabatning asosiy sabablaridan biri sifatida G‘azodagi urush ko‘rsatilmoqda. Mahalliy Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, u yerda 70 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.
Telekanalning qo‘shimcha qilishicha, janob Netanyaxuning o‘zi ham Isroilni qo‘llab-quvvatlash darajasi pasayganini aniq anglab turibdi. U mamlakatning obro‘siga yetkazilgan zararni ijtimoiy tarmoqlar bilan izohlab, ularni urushning “sakkizinchi fronti” deb atagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, so‘nggi 24 soat ichidagi Isroil hujumlari Livanda 51 kishining o‘limiga sabab bo‘lgani, ular orasida ikki nafar tibbiyot xodimi ham borligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi