FIFA prezidenti Ukraina xavfsizligiga tahdid soluvchi shaxslar ro‘yxatiga kiritildi
Sport
−
10:38 2187 2 daqiqa
FIFA prezidenti Janni Infantino Ukrainaning “Myrotvorets” veb-saytida e’lon qilinadigan, mamlakat xavfsizligiga tahdid soluvchi shaxslar ro‘yxatiga kiritildi. Uning shaxsiy ma’lumotlari ushbu platformada paydo bo‘ldi.
Saytdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Infantino Ukrainaga qarshi “gumanitar tajovuz” harakatlarida, shuningdek, “axborot va tashviqot provokatsiyalarida” ishtirok etganlikda ayblanmoqda. Qayd etilishicha, FIFA prezidenti avvalroq Rossiya jamoalarini xalqaro turnirlarda ishtirok etishga ruxsat berishga chaqirgan edi. Uning fikricha, hech bir mamlakat futbolchilari siyosiy rahbarlarining harakatlari sabab futbol o‘ynash huquqidan mahrum etilmasligi kerak.
Infantinoning ushbu bayonotlari Ukrainada keskin salbiy munosabatga sabab bo‘ldi. Xususan, Ukraina tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiga FIFA prezidentini “axloqiy tanazzulga uchragan shaxs” deb atagan. Bu bayonot ham Infantinoning “Myrotvorets” saytidagi profilida keltirilgan.
Ukraina futbol assotsiatsiyasi ham o‘z bayonotida FIFA’ni urush davom etayotgan bir paytda rossiyalik jamoalar va futbolchilarni xalqaro musobaqalardan chetlashtirish borasidagi amaldagi pozitsiyasini o‘zgartirmaslikka chaqirdi.
Ma’lumot uchun, “Myrotvorets” veb-sayti 2014 yil bahorida Donbassdagi jangarilarni yoki ularga aloqador shaxslarni aniqlash maqsadida tashkil etilgan. Ushbu platforma Oliy Radaning sobiq a’zosi va Ukraina Ichki ishlar vazirligi rahbarining sobiq maslahatchisi Anton Geraenko bilan bog‘lanadi. Sayt ma’muriyati ro‘yxatga kiritilgan shaxslar Ukrainaga qarshi milliy xavfsizlikka oid jinoyatlarda ishtirok etgan bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA prezidenti Janni Infantino Rossiya jamoalariga qo‘yilgan taqiqni olib tashlash masalasini ko‘rib chiqishga majbur ekanini va bu taqiqning foydasizligini aytgan edi.