FIFA Rossiya jamoalariga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishi mumkin
Sport
−
02 fevral 3576 2 daqiqa
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino tashkilot Rossiya jamoalariga qo‘yilgan taqiqni olib tashlash masalasini ko‘rib chiqishga majbur ekanini va bu taqiqning foydasizligini aytdi. Bu haqda u “Sky News”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
2022 yil fevralida FIFA va Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) Ukrainadagi voqealar sababli Rossiya terma jamoalari va klublarini xalqaro musobaqalarda ishtirok etishdan noma’lum muddatga chetlatgandi.
Infantino “FIFA Rossiya jamoalarining ishtirokini taqiqlashni bekor qilish imkoniyatini ko‘rib chiqadimi?” degan savolga javob bergan.
“Biz buni qilishga majburmiz, albatta. Chunki bu taqiq hech qanday natija bermadi, faqat ko‘proq hafsala pir bo‘lishi va nafratni keltirib chiqardi”, deydi u.
Shuningdek, FIFA rahbari Rossiyadagi qizlar va o‘g‘il bolalarning Yevropaning boshqa hududlarida futbol o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lishi foydali bo‘lishiga ishonch bildirgan.
Ma’lumot uchun, UEFA ijroiya qo‘mitasi 2023 yil 26 sentabrda 17 yoshgacha bo‘lgan rossiyalik futbolchilardan iborat terma jamoalarga xalqaro turnirlarda ishtirok etishga ruxsat bergan. Rejaga ko‘ra, ayollar va erkaklar jamoalari o‘z o‘yinlarini bayroq va madhiyasiz, shuningdek Rossiya hududidan tashqarida o‘tkazishi kerak. Biroq, 2025 yil 10 oktyabr kuni UEFA vakillari RIA Novostiga bu masala kun tartibidan olib tashlanganini, chunki “Rossiya jamoalarining o‘ynashi uchun texnik yechim topib bo‘lmaganini” ma’lum qilgan. Tashkilot rahbari Aleksander Cheferin OAVga rossiyalik o‘smirlar jamoalarini musobaqalarga qo‘shishning imkoni bo‘lmaganini, bunga “ayrim assotsiatsiyalar o‘z hukumatlarining kuchli ta’siri ostida ekani” sabab bo‘lganini aytgan.
Live
Barchasi