Asosiy ambitsiyalarimdan biri – Osiyo kubogini yutish – Kannavaro
Sport
−
18:04 1374 3 daqiqa
O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun joriy Jahon chempionati tajriba maydoni bo‘lsa, jamoa Osiyo kubogida uchun kurashadi. Bu haqda bugun, 12 may kuni milliy terma jamoa bosh murabbiy Fabio Kannavaro Milliy futbol markazida tashkil qilingan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
“O‘rtoqlik uchrashuvlari uchun imkon qadar kuchli va raqobatbardosh raqiblarni tanlashga harakat qildik. Bunda murabbiylar shtabi bilan muntazam muloqot olib borib, mavjud ma’lumotlar va tahlillar asosida biz uchun eng foydali bo‘ladigan terma jamoalarni saralab chiqdik”, deydi murabbiy.
Uning bildirishicha, Kanada – musobaqa mezboni sifatida yuqori darajadagi futbol muhiti va ajoyib atmosfera yaratishi shubhasiz. Bu esa futbolchilar uchun muhim tajriba bo‘ladi. Niderlandiya esa Yevropaning eng kuchli terma jamoalaridan biri hisoblanadi. Ularning o‘yin uslubi va taktik yondashuvi ma’lum jihatlari bilan Portugaliya terma jamoasiga o‘xshash.
“O‘FAning xalqaro federatsiyalar bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorligi bizga ana shunday kuchli raqiblarga qarshi o‘yin tashkil etishda katta yordam berdi. Ishonamanki, ushbu uchrashuvlar orqali jamoamiz o‘zi uchun muhim xulosalarga ega bo‘ladi, futbolchilarimiz esa yuqori saviyadagi uchrashuvlarda tajriba olishda davom etishadi”, deydi Kannavaro.
Bosh murabbiyning aytishicha, u jamoa safiga chaqirilgan futbolchilarni tanlashda o‘zi munosib deb hisoblagan nomzodlarga tayanib ish yuritgan.
“Masalan, Jaloliddin Masharipov katta tajribaga ega. Agar u optimal sport formasiga chiqsa, Jahon chempionatida jamoaga katta foyda keltirishi mumkin. Abbos Fayzullayev kuni kecha gol urdi. Shuningdek, u mehnatkashligi va jangovar xarakteri bilan ham ajralib turadi. Shuningdek, Abduqodir Husanov va Eldor Shomurodov hozir yaxshi holatda. Ba’zi futbolchilarimiz jarohat yoki o‘yin amaliyoti yetishmasligi sabab optimal formada emas, ammo hali vaqt bor va ular tez orada tiklanishiga ishonamiz”, deydi Fabio Kannavaro.
Uning bildirishicha, eng muhimi – bu jamoa uchun ilk jahon chempionati. Shuning uchun futbolchilarga ortiqcha bosim emas, aksincha, o‘yindan zavq olish ruhini berish kerak.
“Men jamoamizning bor kuchi bilan xalqimiz uchun munosib ishtirok etishiga ishonaman”, deydi bosh murabbiy.
Kannavaroga ko‘ra, joriy yil yanvar oyida bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogidagi guruh juda qiziqarli va kuchli raqiblardan iborat. Har bir o‘yin jamoa uchun jiddiy sinov bo‘lib, maksimal e’tibor va tayyorgarlikni talab qiladi.
“Mening asosiy ambitsiyalarimdan biri – Osiyo kubogini yutish. Biz bu maqsad yo‘lida bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Jahon chempionati esa biz uchun tajriba maydoni bo‘lsa, Osiyo kubogida esa natija uchun kurashamiz”, deydi Fabio Kannavaro.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasi mundial oldidan joriy yilning 1 iyun kuni Kanada va 8 iyun kuni Niderlandiyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarini boshlaydi. Jahon chempionati esa 18 iyun kuni Kolumbiyaga qarshi o‘yin bilan boshlanadi.
Live
Barchasi