FIFA JCHga qur’a tashlash tartibini e’lon qildi
Sport
−
26 noyabr 1773 2 daqiqa
FIFA 2026 yilgi Jahon chempionati qur’a tashlash tartibini e’lon qildi. Unda eng yuqori reytingga ega to‘rt jamoa Ispaniya, Argentina, Fransiya va Angliya yarim finalga borish yo‘llarini aniqlash maqsadida “raqobat muvozanatini ta’minlash” chora-tadbirlari bilan turli tomonlarga joylashtirildi.
Bu tartib, agar ushbu jamoalar o‘z guruhlarida g‘alaba qozonsa, Ispaniya va Argentina to‘qnash kelmasligi, shuningdek, Angliya va Fransiya finaldan oldin o‘zaro o‘ynamasligini kafolatlaydi. FIFA bayonotiga ko‘ra, yo‘llar tasodifiy tarzda chiziladi, ya’ni Ispaniya-Fransiya va Argentina-Angliya juftliklari aniq belgilangan emas.
Guruh bosqichi 12 ta guruhdan iborat bo‘lib, har bir guruhda to‘rt jamoa o‘ynaydi. Qur’a tartibiga ko‘ra, uchta mezbon davlat AQSH, Meksika va Kanada birinchi savatchada joylashadi. Keyin FIFA reytingi bo‘yicha qolgan jamoalar va pley-off yo‘llari aniqlanadi. Ushbu tizim dunyoning eng kuchli jamoalarini guruh bosqichida bir-biriga to‘qnash kelmasligini ta’minlaydi va eng yuqori reytingdagi jamoalarni yarim finalgacha borishini ta’minlaydi.
FIFA bayonotida ta’kidlanishicha, raqobat muvozanatini saqlash maqsadida yarim finalga ikkita alohida yo‘l belgilandi. Agar jamoalar o‘z guruhlarida g‘alaba qozonsa, eng yuqori o‘rinni egallagan ikki jamoa final oldidan to‘qnash kelmaydi.
Shuningdek, qoidaga ko‘ra, guruh bosqichida bir xil konfederatsiya jamoalari bir guruhga tushmasligi kerak, ammo UEFA 16 ta jamoa bilan ishtirok etishi tufayli Yevropa jamoalari orasida ba’zi istisnolar bo‘lishi mumkin.
Qur’a tashlashdan bir kun o‘tib, joriy yilning 6 dekabr kuni FIFA o‘yinlar taqvimini e’lon qiladi va o‘yinlarning joyi hamda boshlanish vaqtlarini belgilaydi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, bu jarayon barcha jamoalar uchun eng qulay sharoit yaratish va muxlislarning o‘z jamoalarini turli vaqt zonalarida jonli tomosha qilish imkonini ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati uchun qur’ada 3-savatchadan o‘rin olishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi