Filippinda 100 minglab odamlar norozilik namoyishiga chiqdi

Olam

image

Kecha, 16 noyabr kuni Filippin poytaxti Manilada taxminan 550 ming kishi toshqinlardan himoya loyihalari atrofidagi firibgarliklarga qarshi norozilik bildirdi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, yuz minglab odamlar toshqinlardan himoyalash inshootlari qurilishi bilan bog‘liq mojarolar sabab Manila ko‘chalariga chiqqan. Filippin poytaxtida namoyishchilar davlat tomonidan toshqinlarga qarshi infratuzilma loyihalariga ajratilgan 500 milliard pesodan (taxminan 104,9 milliard so‘m) ortiq mablag‘larni o‘g‘irlaganlikda ayblanayotgan shaxslarni jazolashni talab qilgan.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, xristian tashkiloti “Iglesia ni Cristo” tomonidan uyushtirilgan aksiyada qariyb 550 000 kishi ishtirok etgan. Plakatlarda “Adolat!”, “Fitna o‘rniga shaffoflik!” kabi shiorlar yozilgan. Tashkilotchilar bu namoyishni korrupsion mojaroga qarshi o‘tkazilgan eng yirik aksiya sifatida baholamoqda. Yangi norozilik namoyishlari 17 va 18 noyabr kunlariga ham rejalashtirilgan.

Ushbu korrupsiya mojarosida, boshqalar qatori, Prezident kichik Ferdinand Markosning yaqin hamkorlari ham tilga olinmoqda. Shuningdek, o‘nlab qurilish pudratchilari, davlat amaldorlari va qonunchilar, jumladan, Prezidentning amakivachchasi ham figurantlar qatorida.

Ular haqiqiy loyihalar o‘rniga soxta shartnomalar tuzganlikda yoki ishlarini sifatsiz bajarganlikda ayblanmoqda. Bundan tashqari, ajratilgan mablag‘larni o‘g‘irlash va siyosatchilar hamda amaldorlarga pora berilgani haqida ham xabarlar bor.

Ma’lumot uchun, Filippin – ekstremal ob-havo hodisalariga, jumladan, toshqinlar va tayfunlarga moyil davlat. Har yili ushbu orol mamlakatiga o‘rtacha 20 ga yaqin tropik bo‘ron keladi. Kuchli tayfunlardan biri noyabr oyining boshlarida Filippinga zarba bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Filippin qirg‘oqlarida 6,1 magnitudali zilzila sodir bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Filippin norozilik namoyishi Manila

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing