Qozog‘istonda Xitoy bayrog‘i va Si Szinpinning surati yoqib yuborildi (video)

Olam

image

Qozog‘istonning Olmaota viloyatining Uyg‘ur tumanida 30 ga yaqin kishi Xitoy bayrog‘i va Xitoy yetakchisi Si Szinpin portretini yoqib yuborgan norozilik namoyishini o‘tkazdi. Bu haqda “Orda.kz” xabar berdi.

Namoyishchilar Qozog‘iston fuqarosi Alimnur Turg‘anboyning Xitoyda hibsga olinishiga qarshi chiqdi.

“Alimnur Xitoyda to‘rt oydan beri hibsda saqlanmoqda. O‘shandan beri Xitoy hech qanday aniq javob qaytarmadi. Alimnur Qozog‘iston fuqarosi. Men uni qo‘yib yubormaguncha qarshiligimni to‘xtatmayman”, deya namoyishchilardan birining so‘zlarini keltiradi nashr.

“U hech qanday sababsiz hibsga olingan. Xitoyliklar birodarlarimizni lagerda ushlab turibdi”, deydi yana bir kishi.

Namoyish chog‘ida odamlar qozoq va xitoy tillarida aholiga murojaat qilgan, shundan so‘ng ular Xitoy bayrog‘i va Xitoy rahbari portretini yoqib yuborgan. Voqea joyiga politsiya yetib borgan va namoyishchilarni hibsga olgan.

Keyinroq Olmaota viloyati politsiya departamenti matbuot xizmati ruxsat etilmagan namoyishning 12 ishtirokchisi 15 kungacha hibsga olingani haqida xabar berdi. Ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 434-moddasi (mayda bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Yana olti nafari taxminan 150 dollar miqdorida jarimaga tortilgan. Nafrat qo‘zg‘ash uchun alohida jinoyat ishi ochilgan.

Politsiya davlat ramzlariga nizo qo‘zg‘atuvchi hujumlar qo‘pol qonun buzilishi ekanini eslatdi.

Alimnur Turg‘anboy asli Shinjondagi Ili qozoq muxtor prefekturasidan (Xitoy shimoli-g‘arbida joylashgan). U 2017 yilda Qozog‘iston fuqaroligini olgan, o‘tgan yilning yozida u Xitoy chegarachilari tomonidan qo‘lga olingan va shundan beri qarindoshlari bilan aloqada bo‘lmagan. Avgust oyida Turg‘anboyning rafiqasi va qizi Olmaota shahar ma’muriyati binosi oldida Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga videomurojaat yo‘llagandi. Ular Turg‘anboyni Qozog‘istonga qaytarishda yordam so‘ragandi.

Respublika rasmiylariga ko‘ra, erkakning hibsga olinishi uning ikki fuqaroligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, biroq Turg‘anboyning oilasi u Xitoy fuqaroligidan rasman voz kechganini da’vo qilmoqda. Uning qarindoshlari Xitoy konsulligi va Tashqi ishlar vazirligi binosi oldida bir necha bor norozilik namoyishlari o‘tkazgan, ular bu uchun hibsga olingan va jarimaga tortilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Si Tszin'pin norozilik namoyishi Xitoy bayrog'i

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing