Finlyandiya yadroviy qurol olib kirishga ruxsat berishi mumkin
Olam
−
23 aprel 3957 2 daqiqa
Finlyandiya hukumati yadroviy qurolni olib kirish va saqlashga ruxsat berishni taklif qilmoqda. Bu haqda bugun, 23 aprel kuni mamlakat Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, hukumat parlamentga mudofaa bilan bog‘liq holatlarda yadroviy qurolni olib kirish, tashish, yetkazib berish va saqlashga ruxsat berish haqida taklif kiritgan.
“Hukumat parlamentga atom energetikasi to‘g‘risidagi qonun va Jinoyat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha taklif taqdim etdi”, deyiladi xabarda.
Hukumat taklifiga ko‘ra, qonunga kiritiladigan o‘zgartirishlar Finlyandiyada yadroviy qurolni “Finlyandiya mudofaasi, NATOning jamoaviy mudofaasi yoki mudofaa hamkorligi doirasida” olib kirish, tashish, yetkazib berish va saqlash imkonini beradi. Bu tashabbus bilan ilk bor mamlakat harbiy idorasi rahbari Antti Hyakkanen chiqqan.
Qayd etish joiz, o‘tgan hafta Xelsinki respublika tinchlik paytida o‘zida ommaviy qirg‘in qurollarini joylashtirmasligi va yadroviy davlatga aylanmasligini tasdiqlagan ma’ruza e’lon qilgandi. Shu bilan birga, Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday qurollarning Finlyandiyada joylashtirilishi Rossiya uchun tahdid ekanini va Moskva bunga javob choralarini ko‘rishini ogohlantirdi.
Ma’lumot uchun, so‘nggi vaqtlarda Yevropa davlatlari bu yo‘nalishda ritorikani kuchaytirgan. Jumladan, mart oyi boshida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Parij “ilg‘or yadroviy tiyib turish” davriga kirganini aytgandi. Yangi doktrina doirasida mamlakat yadroviy kallaklar sonini oshiradi, ittifoqchilar esa qo‘shma mashg‘ulotlarda ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Ular orasida Britaniya, Germaniya, Polsha, Niderlandiya, Belgiya, Gretsiya, Shvetsiya va Daniya bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Finlyandiya jahonning eng baxtli mamlakatlar reytingida ketma-ket to‘qqizinchi marta peshqadam bo‘lib kelyotgani haqida xabar berilgan edi.
Oybek Rustamov
Live
BarchasiBuxoroda yana zilzila bo‘ldi
21 may