Finlyandiyadagi qo‘ziqorinlarda Chernobil halokati izlari aniqlandi
Olam
−
14 aprel 4165 2 daqiqa
Chernobil yadroviy halokatining izlari hamon Finlyandiyadagi qo‘ziqorinlarda ko‘zga tashlanmoqda. Bu haqda mamlakat Radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizlik boshqarmasi (STUK) tadqiqotiga tayanib, “Yle” teleradiokompaniyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, tadqiqot natijalari 2025 yilda mamlakat bo‘ylab yig‘ilgan 60 turdagi qo‘ziqorinning 875 ta namunasi tahliliga asoslangan. Ular shuni ko‘rsatadiki, radioaktiv qoldiqlar miqdori kamaygan bo‘lsa-da, 1986 yildagi Chernobil AES halokatidan 40 yil o‘tib ham haligacha uchramoqda.
Qo‘ziqorinlardagi radioaktiv seziy konsentratsiyasi pasaygan va namunalarning 10 foizdan kamrog‘ida yovvoyi mahsulotlar uchun belgilangan oziq-ovqat xavfsizligi me’yori (bir kilogramm uchun 600 bekkerel)dan yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan. Biroq radioaktivlik darajasi qo‘ziqorin turi va hududga qarab farq qiladi. Eng yuqori konsentratsiyalar halokatdan keyin radioaktiv yog‘ingarchiliklardan eng ko‘p jabr ko‘rgan hududlar – Kyumenlaakso, Pirkanmaa va Pyayyat-Xyameda kuzatilgan.
Shunga qaramay, yadroviy nazorat organi Finlyandiyadagi yovvoyi qo‘ziqorinlar iste’mol uchun xavfsiz ekanini ta’kidlagan. Hisobotda qayd etilishicha, hatto eng radioaktiv qo‘ziqorinlardan ham taxminan 12 kg yeyilgandagina, Xelsinki – Nyu-York aviaparvozi vaqtida olinadigan radiatsiya dozasiga teng miqdorda nurlanish olish mumkin.
Ma’lumot uchun, 1986 yil 26 aprel kuni tunda, Ukrainaning Chernobil atom elektrostansiyasining to‘rtinchi blokida portlash ro‘y beradi. Bu portlash oqibatida atrof muhitga Xirosimadagi atom bombasidan ko‘ra 400 barobar ko‘p radiatsiya tarqalgan. Falokat sodir bo‘lgan kunning ertasiga darhol 30 kilometr hududdan 110 ming kishi evakuatsiya qilingan. Bu halokatni bartaraf etish uchun 600 mingdan ortiq harbiylar va o‘t o‘chirish xodimlari safarbar etilgan. Shunga qaramay stansiyadagi yong‘in bir necha kun davom etgan. Rasmiy xabarlarga ko‘ra, portlash vaqtida va o‘t o‘chirish jarayonida 31 nafar inson halok bo‘lgan.
Chernobil atom elektrostansiyasidan chiqqan radiatsiya tez orada Ukraina, Belarus, Rossiya va Yevropaning boshqa mamlakatlariga tarqalib ketgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra, Chernobildan tarqalgan radiatsiya tufayli to‘rt ming inson saraton va boshqa turdagi kasalliklarga chalinib, halok bo‘lgan. “Greenpeace” ekologik guruhining ma’lumot berishicha, radiatsiya oqibatida halok bo‘lganlar soni 200 mingdan ortiq.
Live
Barchasi