Arab mamlakatlari Trampni Eronga hujum qilmaslikka chaqirdi
Olam
−
14 yanvar 6245 2 daqiqa
Fors ko‘rfazi davlatlari 2025 yilning dekabr oyi oxiridan beri Eronda davom etayotgan namoyishlarga deyarli munosabat bildirmagan edi. Kecha, 13 yanvar kuni Saudiya Arabistoni, Ummon va Qatar AQSH ma’muriyatini Eronga zarba berishdan tiyilishni so‘rab, ogohlantirdi. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Fors ko‘rfazi davlatlari Eron ichidagi norozilik namoyishlari haqida ochiq bayonot berishdan qochib kelmoqda. Manbalarga ko‘ra, Saudiya Arabistoni, Ummon va Qatar Oq uyga murojaat qilib, Erondagi amaldagi tuzumni ag‘darishga urinish global neft bozorini izdan chiqarishi va oxir-oqibat AQSH iqtisodiyotiga zarar yetkazishi mumkinligini bildirgan.
Oq uy rasmiysi esa Tramp bu ogohlantirishlarni inobatga olmasligi mumkinligini aytgan.
“Prezident har qanday masalada turli fikrlarni eshitadi, biroq yakunda o‘zi eng to‘g‘ri deb bilgan qarorni qabul qiladi”, degan u.
Kecha, 13 yanvar kuni AQSH rahbari Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Eronga “yordam yo‘lda” ekanini aytib, eronliklarni Islom Respublikasi rejimiga qarshi namoyishlarni davom ettirishga chaqirgan.
“Eronlik vatanparvarlar, norozilik namoyishlarini davom ettiring — davlat institutlarini o‘z nazoratingizga oling! Qotillar va zo‘ravonlarning ismlarini qayd qilib boring, ular qattiq jazolanadi. Namoyishchilarning o‘ldirilishi to‘xtamaguncha, Eron rasmiylari bilan barcha uchrashuvlarni bekor qildim. Yordam yo‘lda”, degan Tramp o‘z postida.
Bu bayonot Tramp ma’muriyati Eronga nisbatan qanday choralar ko‘rish masalasini muhokama qilish uchun yuqori martabali rasmiylar yig‘ilishini o‘tkazishi kutilayotgan bir paytda yangragan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Eron bilan hamkorlik qilayotganlarga 25 foizlik boj joriy qilishi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi