Fransiya “Qora kodeks”ni bekor qildi
Olam
−
29 may 2217 2 daqiqa
Kecha, 28 may kuni Fransiya Milliy assambleyasi XVII–XVIII asrlarga oid “Qora kodeks”ni rasman bekor qildi. Ushbu qaror bir ovozdan qabul qilindi va mamlakatning mustamlakachilik davridan qolgan huquqiy merosni tozalash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
“Qora kodeks” Lyudovik XIV davrida ishlab chiqilgan bo‘lib, Fransiyaning koloniyalarida qullik tizimini tartibga solgan hujjatlar majmuasi edi. Unga ko‘ra, qullar “shaxs emas, balki mulk” sifatida ko‘rilgan, ularni sotish, sotib olish va meros qilib qoldirish mumkin bo‘lgan. Garchi Fransiyada qullik 1848 yilda rasman bekor qilingan bo‘lsa-da, ushbu kodeks matni huquqiy arxivlarda saqlanib qolgan va rasmiy jihatdan amalda qolib kelgan.
Yangi qonun loyihasi Gvadelupa deputati Maks Matiazan tomonidan ilgari surilgan. Tashabbus parlamentdagi deyarli barcha siyosiy kuchlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Faqat “Milliy birlashuv” partiyasi jarayonda ishtirok etmagan. Qonun muhokamasi davomida deputatlar bu qarorni respublika qadriyatlariga zid bo‘lgan tarixiy izlarni yo‘qotish va tenglik tamoyillarini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholagan.
Muhokamalarda, shuningdek, Fransiyaning dengiz orti hududlari vakillari metropoliya va chekka hududlar o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy tafovutlar hali ham saqlanib qolayotganini ta’kidlagan. Ular to‘g‘ridan to‘g‘ri kompensatsiya talab qilmasdan, ko‘proq ta’lim, infratuzilma va ijtimoiy dasturlarga investitsiyalarni oshirishni so‘ragan.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bu masalani “e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi” deb atagan, biroq u to‘liq kompensatsiya g‘oyasiga ehtiyotkor yondashgan.
“Bu tarixiy jinoyatni to‘liq qoplash mumkin emas”, deydi u.
“Qora kodeks”ning bekor qilinishi asosan ramziy va tarixiy ahamiyatga ega qaror sifatida ko‘rilmoqda. U Fransiyaning mustamlakachilik o‘tmishi bilan bog‘liq huquqiy qoldiqlarni tugatish va respublikada tenglik tamoyillarini yana bir bor tasdiqlashga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Karib havzasi va Afrika mamlakatlari Buyuk Britaniyadan qullik uchun tovon talab qilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi