Fransiya Isroilni dunyoning eng yirik qurollar ko‘rgazmasidan chetlatdi
Olam
−
11:04 1592 2 daqiqa
Fransiya hukumati Isroilning Parij shahrida 15–19 iyun kunlari o‘tkaziladigan dunyodagi eng yirik mudofaa sanoati ko‘rgazmalaridan biri – Eurosatory 2026’da rasmiy ishtirok etishini taqiqladi. Bu haqda “Ynet” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur qaror sababli Isroil Mudofaa vazirligi ko‘rgazmada milliy pavilonini namoyish qila olmaydi. Shu bilan birga, Isroilning xususiy kompaniyalariga tadbirda qatnashishga ruxsat berilgan bo‘lsa-da, ularga hujumkor qurol tizimlarini ko‘rsatish taqiqlangan. Fransiya rasmiylari faqat havo hujumidan mudofaa tizimlari hamda boshqa mudofaa vositalarini namoyish etishga ruxsat bergan.
Isroil Mudofaa vazirligi Parijning mazkur qarorini keskin tanqid qildi. Vazirlik bayonotida Fransiya Isroil kompaniyalariga nisbatan xalqaro ko‘rgazmalar amaliyotiga zid ravishda tanlab va bir tomonlama cheklovlar qo‘llayotgani ta’kidlangan.
“Bu siyosiy va tijoriy maqsadlarni ko‘zlagan sharmandali qarordir. Fransuzlar raqobatdan qo‘rqmoqda va siyosiy bahonalarni o‘ylab topmoqda”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Isroil tomoni mazkur qaror ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yanada yomonlashganidan dalolat berishini bildirgan. Biroq hozircha ko‘rgazmani to‘liq boykot qilish rejalashtirilmayapti.
Nashrning yozishicha, cheklovlar Isroil uchun o‘zining zamonaviy harbiy texnologiyalarini xalqaro maydonda namoyish qilish imkoniyatini sezilarli darajada kamaytiradi. Isroilda esa bu qaror ortida siyosiy sabablar bilan birga iqtisodiy manfaatlar ham yotganiga ishonch bildirilmoqda. Chunki mamlakatning mudofaa sanoati mahsulotlari Fransiya eksportchilari uchun jiddiy raqobatchi hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Eurosatory harbiy texnika va mudofaa sanoati sohasidagi eng yirik xalqaro tadbirlardan biri bo‘lib, unda dunyoning yetakchi qurol ishlab chiqaruvchilari, harbiy ekspertlar va hukumat vakillari ishtirok etadi. Ko‘rgazma yangi texnologiyalar taqdimoti, tajriba almashish va yirik shartnomalar imzolanishi uchun muhim maydon hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Isroilning Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirga mamlakat hududiga kirishni taqiqlagan edi. Parij rasmiylarining bu qarori uning G‘azoga gumanitar yordam yetkazish maqsadida yo‘lga chiqqan “Sumud” flotiliyasi ishtirokchilariga nisbatan bildirgan munosabati bilan bog‘langan.
Live
Barchasi