Fransiya NATOdan chiqishi mumkin

Olam

image

Fransiya Milliy assambleyasi vitse-prezidenti, “Bo‘ysunmas Fransiya” partiyasi vakili Klemans Gette Fransiyaning NATOdan chiqishini nazarda tutuvchi rezolyutsiya loyihasini parlamentga kiritganini ma’lum qildi. Bu haqda u X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozgan.

Gettening ta’kidlashicha, ushbu rezolyutsiya tashabbusiga AQSHning tashqi siyosati sabab bo‘lgan. Uning fikricha, Shimoliy Atlantika alyansi amalda AQSH tomonidan boshqariladi va Vashington manfaatlariga xizmat qiladi. Siyosatchi AQSHning Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olish bo‘yicha amaliyoti, Falastinda “genotsid”ni qo‘llab-quvvatlayotgani haqidagi ayblovlar hamda Grenlandiyani anneksiya qilish haqidagi bayonotlarni misol sifatida keltirgan.

Gette rezolyutsiya Fransiyaning NATOdan, avvalo, alyansning yagona harbiy qo‘mondonlik tizimidan chiqishini ko‘zda tutishini qayd etgan.

“Fransiyaning AQSH boshchiligidagi va unga xizmat qiluvchi harbiy alyans – NATO faoliyatida ishtirok etishi masalasi har qachongidan ham dolzarb bo‘lib turibdi. Men Fransiyani Shimoliy Atlantika alyansidan chiqishga chaqiruvchi rezolyutsiyani ko‘rib chiqish uchun taklif kiritdim, bu birlashgan qo‘mondonlikdan boshlanadi”, deya yozgan siyosatchi.

Ma’lumot uchun, Fransiya va NATO o‘rtasidagi munosabatlar murakkab, lekin strategik hamkorlikka asoslangan. Fransiya 1949 yilda NATO asoschilaridan biri bo‘lgan, biroq 1966 yilda prezident Sharl de Goll qarori bilan alyansning birlashgan harbiy qo‘mondonligidan chiqqan, shu bilan birga NATOdan to‘liq chiqmagan. 2009 yilda Fransiya prezident Nikolya Sarkozi davrida alyansning harbiy tuzilmalariga to‘liq qaytdi. Hozirda Fransiya NATO doirasida eng yirik harbiy salohiyatga ega davlatlardan biri hisoblanadi: 2024 yilda mamlakat mudofaa xarajatlari 50 milliard yevrodan oshgan, bu YAIMning taxminan 2,1 foizini tashkil etadi. Fransiya NATO missiyalarida faol ishtirok etib, Sharqiy Yevropa, Boltiqbo‘yi va Qora dengiz mintaqalarida minglab harbiy xizmatchilarini joylashtirgan. Shu bilan birga, Parij alyans ichida strategik mustaqillik g‘oyasini ilgari suradi va Yevropa mudofaa salohiyatini kuchaytirishni NATOga muqobil emas, balki uni to‘ldiruvchi mexanizm sifatida ko‘radi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro AQSHning Venesuelaga bostirib kirishi va uning Prezidentini qo‘lga olishi xalqaro huquqqa zid va global xavfsizlik uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini aytgandi.

 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh NATO Frantsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing