Fransiyada G7 sammiti boshlandi (video)
Olam
−
15 iyun 2254 2 daqiqa
Fransiyaning Evian-le-Ben shahrida “Katta yettilik” – G7 davlatlari rahbarlarining sammiti boshlandi. Bu haqda “Reuters” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, sammitning asosiy mavzularidan biri Eron bilan bog‘liq vaziyat bo‘ladi. Shuningdek, ishtirokchilar Ukrainadagi urush, jahon iqtisodiyotidagi nomutanosibliklar hamda Xitoyga qaramlikni kamaytirish maqsadida muhim mineral resurslar ta’minotini diversifikatsiya qilish masalalarini muhokama qiladi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp ham sammitda ishtirok etish uchun Fransiyaga yetib kelishi kutilmoqda. Fransiya rasmiylarining ta’kidlashicha, uning qatnashishini muhim diplomatik yutuq bo‘lishi mumkin. Tramp sammit doirasida Yaqin Sharq davlatlari rahbarlari bilan uchrashishi va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Eron va AQSH o‘rtasidagi dastlabki kelishuv G7 rahbarlarining asosiy diqqat markazida bo‘ladi. Ma’lum qilinishicha, kelishuv memorandumining rasmiy imzolanishi 19 iyun kuni Shveysariyada bo‘lib o‘tadi. Biroq hujjat shartlari hozircha to‘liq oshkor qilinmagan.
Sammitda Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar va Misr vakillari ham ishtirok etadi. Ushbu davlatlar Eron bilan bog‘liq muzokaralarda vositachilik qilgan tomonlar sifatida ko‘rilmoqda.
Tahlilchilarga ko‘ra, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron uchun mazkur sammit uning prezidentlik faoliyatidagi muhim diplomatik tadbirlardan biri bo‘lib qolishi kutilmoqda. Makron jahon iqtisodiyotidagi muvozanatsizliklarga qarshi choralar ko‘rish tashabbusini ilgari surmoqda. Uning fikricha, Xitoy ortiqcha ishlab chiqaryapti, AQSH ortiqcha iste’mol qilyapti, Yevropa esa yetarlicha sarmoya kiritmayapti.
Ma’lum qilinishicha, sammit muhokamalarida ishtirok etish uchun Braziliya, Hindiston, Keniya va Janubiy Koreya rahbarlari ham taklif qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH va Eron o‘rtasida tinchlik kelishuviga erishilgani haqida xabar qilingandi.
Live
BarchasiAQSH va Eron memorandum imzoladi
18 iyun