Makron Xitoyni Ukraina urushini tugatishga ko‘maklashishga chaqirdi
Olam
−
04 dekabr 1660 2 daqiqa
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Xitoydan Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan to‘xtatish uchun sa’y-harakatlarga yordam berishini so‘radi. Bugun, 4 dekabr kuni Pekindagi Xalq Bosh saroyida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan matbuot uchrashuvi vaqtida Makron Pekin Fransiya tashabbuslariga qo‘shilishiga umid bildirdi.
U Rossiyaning Ukrainaning muhim infratuzilmasiga zarbalarni kamida vaqtincha bo‘lsa ham to‘xtatishga erishish muhimligini qayd etdi. Prezident, shuningdek, Fransiya va Xitoy BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari sifatida alohida mas’uliyatga ega ekanini ta’kidladi.
Si Szinpin Pekinning Ukrainada tinchlikka erishish uchun harakatlarini davom ettirishini yana bir bor tasdiqladi va Xitoy konstruktiv rol o‘ynashni davom ettiradi, deya ishontirdi. Biroq u mojaro uchun aybni faqat bir tomon zimmasiga yuklashga qarshi ekanini bildirdi.
Rossiya–Ukraina urushida Xitoyning roli
Xitoyni Ukrainaga qarshi Rossiyaning urushdagi eng muhim qo‘llovchisi sifatida ko‘rishadi. Pekin va Moskva o‘rtasida faol aloqalar va savdo saqlanib turibdi. Xitoy Rossiya hujumini qoralamagan va o‘z pozitsiyasi bilan amalda Moskvaga yordam bermoqda, degan baholar mavjud. Shuningdek, Pekin Rossiya mudofaa sanoati tomonidan ishlatilishi mumkin bo‘lgan ikki maqsadli tovarlar yetkazib berishda ayblanayotgani aytilmoqda.
Xitoyga tashrif oldidan Makron va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Parijda ittifoqchilar bilan tinchlik muzokaralari holatini muhokama qilgan edi.
Emmanuel Makron Xitoyga to‘rtinchi davlat tashrifi bilan kelgan. Si Szinpin va uning rafiqasi Pen Liyuan Makron va rafiqasi Brijitni Xalq Bosh saroyida kutib oldi. Fransiya rahbariga yirik biznes namoyandalaridan iborat 80 kishiga yaqin delegatsiya hamrohlik qilmoqda.
Kelishmovchiliklarni bartaraf etish
Uchrashuv davomida Makron Si Szinpinni Fransiya va Xitoy o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni yumshatishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, Parij va Pekin o‘rtasida ba’zan “qarashlar farqi” yuzaga keladi, ammo “barcha uchun foyda keltirish maqsadida ularni bartaraf etish – yetakchilarning mas’uliyati”.
“Bizning vazifamiz – dunyoda tinchlik va barqarorlik uchun ishlashni davom ettirish, jumladan Ukraina va urush ta’sir etgan boshqa mintaqalarda ham”, dedi Makron.
U, shuningdek, Xitoyni “Katta yettilik” (G7) mamlakatlari bilan hamkorlik qilishga, qoidalarga asoslangan jahon iqtisodiy tartibini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Si Szinpin esa, o‘z navbatida, Xitoy Fransiya bilan hamkorlikka tayyorligini bildirib, “har qanday aralashuvni istisno qilish” va ikki davlat o‘rtasidagi “keng qamrovli strategik hamkorlikni yanada barqaror qilish” niyati borligini ta’kidladi.
Live
Barchasi