G‘azoda halok bo‘lgan OAV xodimlari 260 nafarga yetdi
Olam
−
22 yanvar 659 2 daqiqa
2023 yilda G‘azoda boshlangan genotsid davrida 260 nafar jurnalist va ommaviy axborot vositalari xodimi halok bo‘ldi. Bu haqda Falastin Jurnalistlar uyushmasi xabar berdi.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, bu raqam ommaviy axborot vositalari faollari orasida qurbonlar sonining xavotirli darajada oshganini ko‘rsatadi. Xalqaro Jurnalistlar Federatsiyasi va butun dunyo bo‘ylab ommaviy axborot vositalari tashkilotlaridan vaziyatga munosabat bildirish so‘ralgan.
Uyushma voqealar uchun javobgarlikni Isroil rejimi va uning tarafdorlariga yuklagan va xalqaro hamjamiyatni jurnalistlarga qarshi zo‘ravonlikni to‘xtatish va jinoyatchilarni xalqaro sudlarda javobgarlikka tortish uchun amaliy choralar ko‘rishga chaqirgan.
Qolaversa, kecha, 21 yanvar kunining o‘zida Isroil kuchlari tomonidan amalga oshirilgan hujumlar oqibatida G‘azoda kamida 11 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Qurbonlar orasida ikki nafar bola va uch nafar jurnalist ham bor. Bu voqealar urushdan jiddiy zarar ko‘rgan hududda uch oydan beri amal qilib kelayotgan sulhga putur yetkazayotgan navbatdagi zo‘ravonliklar sifatida baholanmoqda.
Falastin sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotiga ko‘ra, Isroilning havo hujumi markaziy G‘azoda ko‘chirilganlar lagerini suratga olish uchun xizmat topshirig‘ida ketayotgan uch nafar falastinlik jurnalist bo‘lgan avtomobilni nishonga olgan.
Jurnalistlar halok bo‘lgan hodisaga izoh berar ekan, Isroil armiyasi G‘azo markazida “HAMAS bilan aloqador bo‘lgan uchuvchisiz apparatni boshqargan bir nechta shubhali shaxslar” aniqlanganini ma’lum qilgan.
“Ushbu dron harbiylar uchun xavf tug‘dirgani sababli, Isroil mudofaa kuchlari dronni ishga tushirgan shaxslarni aniq zarba bilan yo‘q qildi”, deyiladi harbiy bayonotda.
Falastin Jurnalistlar uyushmasi esa bayonotida halok bo‘lgan jurnalistlar “ko‘chirilganlar lagerlarida tinch aholining azob-uqubatlarini tasvirga olish va hujjatlashtirish maqsadida insonparvarlik va jurnalistik missiyani bajarayotganini” ta’kidlagan.
Uyushma uch jurnalist suratga olish jarayonida drondan foydalangan-foydalanmaganiga aniqlik kiritmagan. Mahalliy jurnalistlar ularning faoliyati G‘azodagi Misrning gumanitar yordamini muvofiqlashtirib boruvchi Misr qo‘mitasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini bildirdi. Misr xavfsizlik manbasi avtomobil mazkur qo‘mitaga tegishli bo‘lganini tasdiqlab, biroq qo‘shimcha tafsilot bermagan.
G‘azo sog‘liqni saqlash idoralari Isroil 2023 yil 7 oktyabr kuni G‘azoda havo va quruqlikdagi bosqinni boshlagandan beri bugunga qadar 71 ming falastinlik halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish butun dunyoda 2023 yilning avgustidan 2025 yilning may oyigacha 163 nafar jurnalist o‘ldirilganini ma’lum qilgan edi.
Live
Barchasi