AQSHda favqulodda holat e’lon qilindi
Olam
−
09:50 21525 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Kuba mamlakatidan tahdid mavjudligi sabab AQSHda favqulodda holat rejimini joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjat Oq uy tomonidan e’lon qilindi.
Farmonga ko‘ra, endilikda Qo‘shma Shtatlar Kubaga to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita neft yetkazib beradigan har qanday davlatdan import qilinadigan mahsulotlarga qo‘shimcha bojlar joriy etishi mumkin.
Tramp bu qarorni Kuba hukumati AQSH manfaatlariga zarar yetkazuvchi va xavf tug‘diruvchi “favqulodda choralar” ko‘rayotgani bilan izohlagan. Hujjatda ta’kidlanishicha, Kuba rasmiylari AQSHga nisbatan dushmanona munosabatda bo‘lgan davlatlar va guruhlar, jumladan Rossiya, Xitoy, Eron, shuningdek HAMAS va “Hizbulloh” bilan hamkorlik qilmoqda.
“Milliy favqulodda vaziyatni bartaraf etish uchun tarif tizimini joriy etish zarur va maqsadga muvofiq deb hisoblayman. Ushbu tizimga muvofiq, Kubaga neft sotayotgan yoki boshqa yo‘l bilan yetkazib berayotgan xorijiy davlat mahsulotlari importiga qo‘shimcha boj qo‘llanishi mumkin”, degan Tramp.
So‘nggi paytlarda Tramp ma’muriyati Kuba iqtisodiyotidagi og‘ir vaziyatga ishora qilib, orolda hukumat tez orada qulashini tez-tez ta’kidlamoqda va Vashington Kuba va uning ittifoqchilariga bosimni kuchaytirmoqda. AQSH rasmiylari orolda hokimiyat almashuvini ko‘rishni istayotganini ochiq aytib kelmoqda.
“Politico” nashrining yozishicha, Vashingtonda muhokama qilinayotgan choralar orasida Kubaga neft yetkazib berishni to‘liq bloklash ham bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Kubaga neft yetkazib berishni to‘xtatish maqsadida harbiy-dengiz blokadasi joriy etish imkoniyatini muhokama qilayotgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi