G‘azodagi cherkovga hujumdan so‘ng Netanyaxu Rim papasiga sim qoqdi
Olam
−
18 iyul 11238 2 daqiqa
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azodagi Muqaddas oila cherkoviga snaryad tushganidan keyin Rim papasi Leo XIVga qo‘ng‘iroq qildi. Bu haqda Muqaddas Taxt matbuot xizmati xabar berdi.
“Suhbat chog‘ida Muqaddas Ota yana muzokaralarni qayta boshlashga, o‘t ochishni to‘xtatishga va urushni tugatishga chaqirdi. U yana G‘azo sektoridagi mavjud gumanitar vaziyatdan xavotir bildirdi”, deyiladi xabarda.
Rim papasi “sajdagohlarni, birinchi navbatda, dindorlarni hamda Falastin va Isroilning barcha aholisini zudlik bilan himoya qilish zarurligini yana bir bor ta’kidladi”.
Netanyaxu esa Isroil G‘azodagi cherkovning “tasodifan o‘qqa tutilganidan” chuqur afsusda ekanini bildirgan. Bosh vazir “Isroil voqeani tergov qilayotganiga” va “tinch aholi va muqaddas joylarni himoya qilishga sodiq qolishi”ga ishontirgan.
Isroil armiyasi matbuot xizmatining xabar berishicha, snaryad parchalari xatolik tufayli cherkovga tushgan.
Quddus Lotin Patriarxati G‘azo sektoridagi yagona katolik cherkoviga uyushtirilgan hujumda 3 kishi halok bo‘lgani, 9 kishi yaralangani, ulardan 3 nafari og‘ir ahvolda ekanini ma’lum qildi. Jabrlanganlar orasida cherkov ruhoniysi Gabriel Romanelli ham bor va u yengil jarohat olgan.
Eslatib o‘tamiz, odinroq Rim papasi Leo XIV G‘azodagi Muqaddas oila cherkoviga (Lotin monastiri) Isroil havo hujumi uyushtirganidan chuqur afsusda ekanini bildirgan va tezda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgandi.
Live
Barchasi