“G‘azodagi urushni to‘xtating”. Isroillik 600 nafar sobiq harbiy Trampga xat yo‘lladi

Olam

image

600 nafar iste’fodagi isroillik harbiy va xavfsizlik xodimi, jumladan sobiq razvedka va xavfsizlik xizmatlari rahbarlari AQSH Prezidenti Donald Trampga murojaat qilib, undan Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga bosim o‘tkazib, G‘azodagi urushni to‘xtatishni so‘radi. Bu haqda Trampga yo‘llangan xatga tayanib, BBC xabar berdi.

Ular ochiq xatda HAMAS endi Isroil uchun jiddiy tahdid emasligini ta’kidlab, Trampni Netanyaxuni tinchlikka undashga chaqirgan. Ularning fikricha, Trampning isroilliklar orasida katta obro‘si bor va aynan u Isroil rahbariyatini urushni to‘xtatishga ko‘ndira oladi. Xat “Isroil xavfsizligi uchun komandirlar” tashkiloti nomidan yozilgan va uni sobiq bosh vazir Exud Barak ham imzolagan. 

Xatda aytilishicha, urush dastlab adolatli bo‘lgan, ammo harbiy maqsadlar allaqachon erishilgani sababli endi u o‘z ahamiyatini yo‘qotgan. Ular Trampni ilgari Livandagi harbiy harakatlarni to‘xtatganini eslatib, endi G‘azoda ham xuddi shunday yo‘l tutishga chaqirgan.

Bu orada HAMAS harakati vakillari garovdagi isroilliklarning videolarini tarqatmoqda. Videolarda ular holsiz, och, chanqagan va qiynalayotgani ko‘rinadi. Isroil rasmiylari ularning og‘ir ahvolda ekanini ta’kidlab, HAMASni ularni ataylab qiynayotganlikda ayblamoqda. HAMAS esa garovdagilar G‘azodagi oddiy odamlar bilan bir xil sharoitda, ovqat va suv tanqisligidan aziyat chekayotganini aytmoqda. Isroil xalqaro tashkilotlardan, ayniqsa Qizil Xochdan bu garovdagilarga yordam ko‘rsatishni talab qilmoqda, biroq Qizil Xoch urush zonalarida harakat qilish uchun har ikki tomonning ruxsati kerakligini bildirgan.

G‘azodagi gumanitar vaziyat esa tobora yomonlashmoqda. BMT va boshqa tashkilotlar ocharchilikdan o‘lim holatlari ortayotganini aytmoqda, shu paytgacha 175 kishi ochlikdan vafot etgan, ularning 93 nafari bolalar. 

Isroil G‘azoga gumanitar yordam yetkazilishini ta’minlash uchun ba’zi joylarda harbiy harakatlarni vaqtincha to‘xtatganini aytdi, biroq yordam mashinalarining hammasi manzilga yetmagan. Ba’zilar bu yuklar Gazodagi qurolli guruhlar yoki aholining o‘zi tomonidan talon-toroj qilinganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil hukumati G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlarni kengaytirish, hattoki bu hududni to‘liq bosib olish imkoniyatini ham ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berilgandi. Harbiy harakatlar hatto garovda ushlab turilganlar joylashgan hududlarda ham amalga oshiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Isroil G'azo HAMAS Bin'yamin Netan'yaxu Exud Barak

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing