Gentra haydovchisini yo‘lda kaltaklagan ota-o‘g‘ilga hukm o‘qildi

3-sahifa

image

2025 yilning sentyabr oyida Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani, Muqimiy ko‘chasida Gentra va BYD avtomashinalarining haydovchilari o‘rtasida kelib chiqqan mojaroda ayol o‘z homilasidan ayrilgani haqida xabar berilgandi. Voqea haydovchilardan biri yo‘lning o‘ng bo‘lagiga o‘tishga urinayotgan vaqtda boshlangan. Mojaro davomida BYD haydovchisi va uning otasi Gentra haydovchisiga hujum qilib, avtomobil oynalarini sindirgan hamda uning homilador turmush o‘rtog‘iga jismoniy tajovuz qilgan. Mazkur holat Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida ko‘rib chiqilib, hukm o‘qidi. QALAMPIR UZ sud xujjati bilan tanishdi.

Sud hujjatiga ko‘ra, 2025 yilning 16 sentyabr kuni Yu.I. va uning otasi U.B. Muqimiy ko‘chasida o‘zlarining BYD mashinasida harakatlanayotgan bo‘lgan. So‘ng ular D.S. boshqarib ketoyatgan Gentra bilan yo‘l talashib, jamiyatdagi yurish-turish qoidalarni qo‘pol ravishda buzgan. Ular D.S. ning mashinasi yo‘lini qisib to‘xtatib, uning mashinasi oynasini oyog‘i bilan tepib sindirgan va D.S. tanasining turli qismlariga qo‘llari bilan qasddan urgan. 

Sudda Yu.I. aybiga qisman iqror bo‘lib, voqea birinchi Gentra haydovchisi D.S. ning uning yo‘liga keskin chiqib tormoz bosganidan keyin boshlaganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Gentra haydovchisi 4-5 marta tormoz bosgan va uning otasi U.B.ni haqorat qilgan. Keyin Gentra’ni qisib to‘xtatib, avtomashinasining yon oynasini oyog‘i bilan tepgan va oyog‘i jarohat olgan. Shuningdek, u sudda avtomashina ichida haydovchining turmush o‘rtog‘i borligini ko‘rmaganiga sabab sifatida avtomashinaning oynalari qoraytirilgan holda bo‘lganini aytgan.
U, shuningdek, faqatgina ayolning eriga tegmaslik hamda homiladorligi haqidagi gapini eshitgani va shundan keyin ayolga tan jarohati yetkazmaganligini aytgan.

Jabrlanuvchi S.M. sudda Muqimiy ko‘chasida harakatlanib ketayotganda dastlab BYD ularni siqib o‘tganligi va ko‘prikka borganda ularni siqib to‘xtatganini aytgan. Shuningdek, u turmush o‘rtog‘i D.S. ni himoya qilish maqsadida uning bo‘ynidan qo‘lini o‘tkazayotganda uning yuz qismiga kimningdir qo‘li kelib urilishi oqibatida ko‘karish paydo bo‘lganini aytgan.

Voqeadan so‘ng S.M. o‘zini yomon his qilgan va 2025 yil 17 sentyabr kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga murojaat qilib, uni u yerda shifokorlar ko‘rib, UZIga tushirib, homilasi tushganini aniqlagan. Jabrlanuvchi S.M. ko‘rsatmasi so‘nggida suddan eng og‘ir jazo berishni so‘ragan.

Dastlab sudlanuvchilarga Jinoyat kodeksining 104-moddasi (bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik niyatida qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “e,” “k” bandlari bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. 

Sud-tibbiy ekspertizasi jabrlanuvchida hayot uchun xavfli bo‘lmagan yengil tan jarohatlari borligini aniqlagan. Shu bilan birga, homila tushishi haqidagi taxmin asosli deb topilmagan. Chunki, hodisa sodir bo‘lgunga qadar homiladorlikni tasdiqlovchi tibbiy hujjatlar mavjud bo‘lmagan. 

Sud Yu.I. va U.B. ni Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan bezorilik) 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlagan. Ularning hibsda saqlangan vaqtini inobatga olib, 1 yil 6 oy 24 kun ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent sud xujjati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing