Germaniya Isroil bilan qo‘shma deklaratsiya imzoladi (video)
Olam
−
12 yanvar 2071 2 daqiqa
Kecha, 11 yanvar kuni Germaniya Ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan Eron, “Hizbulloh” va HAMASni qoralovchi tarixiy qo‘shma deklaratsiyani imzolab, ikki davlat o‘rtasidagi xavfsizlik va texnologik hamkorlikni kuchaytirdi. Bu haqda “Israel” xabar berdi.
Bayonotda qayd etilishicha, Eron va uning ittifoqchilari – “Hizbulloh”, HAMAS va husiylar – nafaqat Isroilga, balki mintaqaviy barqarorlik va xalqaro xavfsizlikka ham tahdid solmoqda.
“Bugun imzolangan deklaratsiya Germaniya bilan kiberxavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash va ilg‘or texnologiyalar sohalarida chuqur hamkorlikni mustahkamlaydi hamda xavfsizlikka bo‘lgan majburiyatni qo‘shma amaliy harakatlarga aylantiradi”, deyiladi bayonotda.
Netanyaxu idorasining ma’lum qilishicha, imzolangan deklaratsiya Germaniyaning Isroil davlati xavfsizligiga bo‘lgan chuqur sadoqatini mustahkamlaydi va ikki mamlakat o‘rtasidagi xavfsizlik-texnologik hamkorlikni yangi strategik bosqichga olib chiqadi.
Deklaratsiya ikki davlatning xavfsizlik idoralari o‘rtasida kiberhimoya, ilg‘or texnologiyalar, huquq-tartibot, terrorizmga qarshi kurash va fuqarolik mudofaasi sohalarida keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi. Shuningdek, u Germaniyaning tarixiy mas’uliyatini, jumladan, Holokost xotirasini mustahkamlash va Yad Vashem bilan hamkorlikni aks ettiradi.
Idoraning qo‘shimcha qilishicha, deklaratsiyaning imzolanishi, ayniqsa 2023 yil 7 oktyabr kuni HAMAS tomonidan amalga oshirilgan hujum fonida, Isroil va Germaniya o‘rtasidagi xavfsizlik, texnologik va qadriyatlarga asoslangan ittifoqni chuqurlashtirishda hal qiluvchi lahza hisoblanadi.
“Isroil va Germaniya o‘rtasidagi umumiy hamkorlikka, ayniqsa kiberxavfsizlik masalasiga juda katta ahamiyat beraman. Bu bizning ichki xavfsizligimizga, infratuzilmamizga va boshqa sohalarga tahdid solayotgan asosiy xavflardan biridir. Menimcha, Germaniya va Isroil azaliy hamkorlardir”, degan Netanyaxu.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning noyabrida Germaniya G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyat sabab avgust oyida o‘rnatilgan Isroilga qurol-yarog‘ yetkazib berish taqig‘ini bekor qilgandi.
Live
BarchasiSuriyada KIP qo‘mondoni o‘ldirib ketildi
21 yanvar