YeI Isroilga sanksiya joriy qilmoqchi
Olam
−
10:31 2336 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqi Isroilga nisbatan sanksiyalar joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Haaretz” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Isroildagi ayrim jismoniy va yuridik shaxslar Rossiyaga noqonuniy savdoda yordam bergan bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda. Gap Rossiyaning “soya floti”ga tegishli kemalar orqali olib kelingan, Ukrainadan o‘g‘irlangan don haqida bormoqda.
Yevropa komissiyasining rasmiy vakili Anuar al-Anunining aytishicha, bunday kemalardan biri Isroilning Hayfa portida yuk tushirishga ruxsat olgan. Bu esa Ukraina tomonidan oldindan bildirilgan ogohlantirishlarga qaramay sodir bo‘lgan.
Uning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning noqonuniy harbiy harakatlarini moliyalashtirishga xizmat qiluvchi va sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam beruvchi har qanday faoliyatni qoralaydi. Zarurat tug‘ilsa, uchinchi davlatlardagi shaxs va kompaniyalar ham sanksiya ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.
Shu bilan birga, YeI Isroil hukumatidan bu holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot ham so‘ragan.
Avvalroq, OAVlar Isroilga Panormitis nomli kema kelgani haqida yozgan edi. Unda 6 ming tonnadan ortiq bug‘doy va 19 ming tonna arpa bo‘lgan va bu yuk Ukrainadan olib chiqilgani gumon qilinmoqda. Shuningdek, 2026 yil boshidan buyon Isroilda kamida to‘rtta shunday yuk tushirilgani aytilmoqda.
Ukraina bu holat yuzasidan Isroil elchisini chaqirgan. Isroil Tashqi ishlar vazirligi esa hozircha bu ayblovlarni tasdiqlovchi dalillar taqdim etilmaganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 20-paketi doirasida O‘zbekistonning paxta sellyulozasi ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi ikki kompaniyasiga nisbatan cheklovlar kiritgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi