Bankdan 10 mln yevrolik buyumlar o‘g‘irlab ketildi
Olam
−
31 dekabr 2025 3646 2 daqiqa
Germaniyaning g‘arbida joylashgan Gelzenkirxen shahrida noma’lum shaxslar Sparkasse banki filialining omboriga bostirib kirib, mijozlarga tegishli kamida 10 million yevro miqdoridagi qimmatbaho buyumlarni o‘g‘irlab ketdi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyatchilar Rojdestvo bayramidan foydalangan – mamlakatda 24 dekabr kuni kechqurundan boshlab banklar va do‘konlarning aksariyati yopiq bo‘lgan. Ular bank binosining qalin beton devorini teshib o‘tib, bir necha mingta shaxsiy seyflarini buzgan va u yerdagi naqd pullar hamda qimmatli buyumlarni olib ketgan.
Devoridagi teshik faqat joriy yil 29 dekabr tongida, yong‘in signalizatsiyasi ishga tushganidan keyin aniqlangan. Kecha, 30 dekabr kuni bank oldida o‘nlab norozilik bildirgan mijozlar to‘planib, o‘z seyflariga kirish imkonini talab qilgan. Omonat egalaridan biri “Welt” telekanaliga bergan intervyusida 25 yil davomida seyfda saqlab kelgan jamg‘armalarining taqdiri haqida hech qanday ma’lumot yo‘qligi sababli uxlay olmaganini aytgan.
Politsiya, shuningdek, 20 dekabr kuni kechqurun guvohlar qo‘shni ko‘p qavatli avtoturargoh zinapoyasida katta sumkalar ko‘targan bir necha erkakni ko‘rganini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, 29 dekabr kuni erta tongda garajdan niqob taqqan odamlar qora rangli Audi RS6 avtomobili chiqib ketgani qayd etilgan. Aniqlanishicha, avtomobilning davlat raqami ilgari Gannoverda o‘g‘irlangan mashinaga tegishli bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning rasmiy qarorgohi – Yelisey saroyi xodimi qo‘lga olingan. U kumush va chinni idishlarni o‘g‘irlashda ayblanmoqda. O‘g‘irlangan buyumlarning umumiy qiymati 40 ming yevroga baholanmoqda.
Live
Barchasi