Germaniyada chempionlik kubogi o‘g‘irlab ketildi
Sport
−
22 noyabr 1052 2 daqiqa
Germaniyaning mashhur gandbol klubi “Fyukse Berlin” o‘tgan mavsumda qo‘lga kiritgan Bundesliga chempionligi kubogi noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketildi. Bu haqda klub ofis menejeri Volker Zerbega tayanib, “Express” nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kubok Jandarmenmarktda joylashgan klub ofisidan o‘g‘irlangan. Voqea joriy yilning 18 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan. Shundan so‘ng, klub bu haqida Germaniya politsiyasiga xabar bergan va hozirda surishtiruv ishlari boshlangan.
“Biz hali ham asl kubok Berlinda bo‘lgan deb o‘ylaymiz. Klub tomonidan o‘g‘rilik haqida bizga xabar berildi. Umid qilamizki, kubok tez orada topilib, haqiqiy chempioniga qaytariladi”, deyiladi Gandbol Bundesligasi aloqalar bo‘limi rahbari.
O‘g‘irlangan kubok 925 baholi kumushdan yasalgan bo‘lib, diametri 46 sm, vazni taxminan 2,9 kg. Ishlab chiqaruvchi ma’lumotiga ko‘ra, uning qiymati 12 ming yevroni tashkil qiladi.
“Bizda jinoyat aks etgan videotasvirlar bor, chunki xonaga yashirin kamera o‘rnatilgan. Ishning tezda oydinlashishiga umid qilamiz”, deydi klub direktori Bob Han.
Ma’lumot uchun, “Fyukse Berlin” Germaniyaning Berlin shahrida joylashgan professional gandbol klubi bo‘lib, Bundesliga musobaqalarida muntazam ravishda yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan jamoa hisoblanadi. Klub 1891 yilda asos solingan bo‘lib, so‘nggi yillarda Germaniya va Yevropa miqyosidagi eng kuchli jamoalardan biriga aylangan.
Live
Barchasi