Germaniyada dafn qilishning yangi turi qonuniylashtirildi

Olam

image

Germaniyaning Shlezvig-Golshteyn federal yeri parlamenti qonunchilikka “Reerdigung” deb nomlangan dafn etishning yangi usulini kiritdi. Bu haqda DPA xabar berdi.

“Tobutda an’anaviy dafn etish va kulini ko‘zada ko‘mish bilan amalga oshiriladigan krematsiya (kuydirish) qatorida, kelajakda maxsus konteynerda “tezlashtirilgan parchalanish”, so‘ngra inson qoldiqlarini tuproqqa topshirish usuli paydo bo‘ladi”, deydi yalpi majlisda Adliya vaziri Kerstin fon der Dekken.

Shu tariqa, Shlezvig-Golshteyn Germaniyada dafn etishning ushbu yangi shaklini qonunan mustahkamlagan birinchi hudud bo‘lgan.

Bunday dafn qilish usulida vafot etgan shaxsning jasadi pichan, somon va o‘simliklar bilan to‘ldirilgan yopiq konteyner ichiga joylashtiriladi. Konteyner yopilgach, tana va o‘simlik aralashmasi tarkibidagi mikroorganizmlar konteyner ichidagi haroratni ko‘taradi, natijada organik moddalar 30–50 kun ichida chirindiga (gumusga) aylanadi. Suyak va tishlar parchalanmaydi, shu sababli keyinchalik ular maydalanib, hosil bo‘lgan gumusga aralashtiriladi. So‘ng ushbu aralashma tabiiy matoga o‘ralib, qabrga qo‘yiladi.

Dafn etishning ushbu yangi turi Leypsig universiteti Sud tibbiyoti institutining ilmiy kuzatuvi ostida qariyb ikki yil davomida sinovdan o‘tkazilgan. Adliya vazirining so‘zlariga ko‘ra, bu usul bilan 76 ta dafn marosimi o‘tkazilgan. Tadqiqot hisobotlari va natijalari ushbu metodning xavfsiz ekanligini tasdiqlagan.

Germaniyadagi protestant va katolik cherkovlari dafn etishning ushbu yangi usulini “so‘nggi yo‘lga kuzatishning munosib va mas’uliyatli shakli” deb hisoblamoqda.

AQSHning bir qator shtatlarida ham bu metodga ruxsat berilgan bo‘lib, u yerda “tabiiy organik reduksiya” yoki inson tanasini kompostlash deb ataladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yil aprel oyining oxirida Qozog‘iston va Markaziy Osiyodagi birinchi krematoriy ish boshlagani, biroq krematsiya uchun ariza topshirish jarayoni haligacha tartibga solinmagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya dafn Shlezvig-Gol'shteyn

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing