Gonkongdagi yong‘in ortidan 13 kishi hibsga olindi

Olam

image

Gonkong rasmiylari kecha, 1 dekabr kuni shahardagi so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik yong‘in fojiasi yuzasidan olib borilayotgan tergov doirasida 13 kishi qasddan odam o‘ldirishda gumonlanib, hibsga olinganini ma’lum qildi. Tergovchilarning aytishicha, yong‘inning bu qadar kuchayishiga qurilishda qo‘llanilgan past sifatli materiallar sabab bo‘lgan. Fojiada 151 dan ortiq odam halok bo‘lgan.

Politsiya favqulodda holat sodir bo‘lgan Wang Fuk Court majmuasidagi kuygan yettita turarjoy minoralarini ko‘zdan kechirishda davom etmoqda. Zinapoyalar va tomlarda qochishga uringan odamlarning jasadlari topilgani aytilgan. Jami 40 dan ortiq inson bedarak yo‘qolgan, deb xabar qilinmoqda.

“Ayrim holatlarda jasadlarni aniqlashtirish qiyin bo‘lishi mumkin”, dedi politsiya vakili Szang Shuk-yin jurnalistlarga.

Tergovchilarning ma’lum qilishicha, yong‘in paytida bino atrofidagi bambuk toshmalarini o‘ragan yashil to‘rdan olingan namunalar yong‘inga chidamli standartlarga javob bermagan. 

“Qurilish ishlarini bajargan pudratchilar bu past sifatli materiallarni tekshirish qiyin bo‘lgan joylarda ishlatgani aytilmoqda”, dedi Bosh kotib Erik Chan.

Rasmiylarga ko‘ra, qurilishda ishlatilgan issiqlik izolyatsiyasi ham yong‘in tarqalishini kuchaytirgan, shuningdek, majmuadagi yong‘in signalizatsiyasi to‘liq ishlamagan.

Fojiadan keyin minglab odamlar halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat izhor qilmoqda. Ular orasida Indoneziyadan kamida to‘qqiz nafar va Filippindan bir nafar uy xizmatchisi ham bor. Motam tutganlar navbati majmuadan kanal bo‘ylab bir kilometrdan ortiq masofaga cho‘zilgan.

Rasmiylar aytishicha, Tokio, London va Taypeyda ham shu hafta xotira tadbirlari o‘tkazilishi kutilmoqda.

Yong‘in xavfi bo‘yicha avvalgi ogohlantirishlar inobatga olinmagani haqidagi e’tirozlar fonida, Pekin har qanday “Xitoyga qarshi” namoyishlarga qarshi qat’iy chora ko‘rilishini aytdi. Ayrim manbalariga ko‘ra, mustaqil tergov o‘tkazish va qurilish nazoratini qayta ko‘rib chiqish talab qilingan petitsiyada ishtirok etgan kamida bir kishi ikki kunga yaqin ushlab turilgan. Politsiya bu hodisa yuzasidan izoh berishdan bosh tortdi.

Gonkong xavfsizlik kotibi Kris Tang ham 1 dekabr kuni bo‘lgan matbuot anjumanida maxsus operatsiyalar haqida batafsil izoh bermadi.

“Men ayrim odamlar jamiyat boshidan kechirayotgan bu og‘ir vaziyatdan foydalanib, Gonkong va milliy xavfsizlikka zarar yetkazish niyatida ekanini ko‘rmoqdaman. Shu sababli, biz zarur choralar, jumladan, huquqni muhofaza qilish choralarini ko‘rishimiz kerak”, dedi u.

Eng ko‘p zararlangan binolarda qidiruv ishlari davom etmoqda

Rasmiylarning aytishicha, qoldiqlar qidirilayotgan binolar eng katta zarar ko‘rgan bo‘lib, qidiruv ishlari bir necha hafta davom etishi mumkin.

Politsiya tarqatgan suratlarda himoya kiyimlari, niqob va shlem kiygan xodimlar bir necha kun davom etgan yong‘indan qorayib ketgan devorlar va kulga aylangan jihozlar orasida tekshiruv o‘tkazayotgani, shuningdek, yong‘inni o‘chirish uchun ishlatilgan suvdan chiqqan xonalarda yurgani aks etgan.

1 dekabr kuni ertalab yuzlab politsiya xodimlari yong‘indan zararlangan binolarda qidiruv ishlarini davom ettirish uchun hodisa joyiga qaytdi. Axolini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur uy-joy majmualarida 4 000 dan ortiq odam yashagan. Qochib chiqqanlar esa hozir hayotlarini qayta tiklashga harakat qilmoqda.

Rasmiylar bildirishicha, 1 100 dan ortiq odam evakuatsiya markazlaridan vaqtinchalik turarjoylarga ko‘chirilgan, yana 680 nafar fuqaro yoshlar xostellari va mehmonxonalarga joylashtirilgan.

Ko‘plab aholi uylaridan qochish paytida shaxsiy buyumlarini tashlab chiqishga majbur bo‘lgani uchun, rasmiylar har bir oilaga 10 000 gonkong dollari (1 284 AQSH dollari) miqdorida favqulodda yordam puli ajratdi. Shuningdek, yangi shaxsiy guvohnoma, pasport va nikoh guvohnomalarini rasmiylashtirishda alohida yordam ko‘rsatilmoqda.

1948 yildan beri eng og‘ir yong‘in

Gonkong Mehnat departamentining ma’lumot berishicha, Wang Fuk Court majmuasi aholisi o‘tgan yili ta’mirlash ishlari xavfli ekanini aytganidan keyin, rasmiylar ularga “yong‘in xavfi nisbatan past”, deb javob bergan. Departament vakilining aytishicha, aholi 2024 yil sentyabr oyida pudratchilar ishlatgan to‘r materialining oson yonishi mumkinligi haqida ham tashvish bildirgan.

Gonkongda 1948 yildan beri eng halokatli yong‘in sodir bo‘lgani shaharni larzaga soldi. 1948 yilda omborxonada chiqqan yong‘inda 176 kishi halok bo‘lgan edi. Bu fojia shu hafta oxiriga belgilangan qonunchilik saylovlari oldidan yuz berdi.

29 noyabr kuni politsiya 24 yoshli Mayls Kvanni ushlagan. U mustaqil tergov o‘tkazish, ehtimoliy korrupsiya holatlarini tekshirish va qurilish nazoratini qayta ko‘rib chiqishni talab qilgan petitsiyani tashkil etgan guruh a’zosi ekani aytilmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

yong'in Gonkong Wang Fuk Court

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing