Gruziya Rossiya neftini qayta ishlashdan voz kechdi
Olam
−
02 aprel 2575 2 daqiqa
Gruziyadagi yagona neftni qayta ishlash zavodi – Black Sea Petroleum (BSP) kompaniyasi Rossiya neftini qayta ishlashni to‘liq to‘xtatib, Turkmaniston xomashyosiga o‘tadi. Bu haqda korxona bosh direktori David Potsxveriyaga tayanib, “Business Media” nashri xabar berdi.
Potsxveriyaning so‘zlariga ko‘ra, keyingi bosqichda kompaniya Qozog‘istondan neft yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu mahsulotni Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport qilish imkonini beradi.
“Biz Rossiya neftini to‘liq Turkmaniston, so‘ngra Qozog‘iston va boshqa mamlakatlar neftiga almashtiramiz, bu bizga mahsulotni YeIga eksport qilish imkoniyatini beradi”, deydi Potsxveriya.
Uning tushuntirishicha, bu qaror Yevropa Ittifoqiga Rossiya neft mahsulotlarini import qilish bo‘yicha amaldagi cheklovlar bilan bog‘liq. Biroq, Turkmaniston neftini qayta ishlash Ozarbayjon hududi orqali tranzit masalalari hal etilganidan keyingina boshlanadi.
“Biz bu borada anchadan beri ishlayapmiz. Afsuski, hamkorimiz va do‘stimiz – Ozarbayjon hududi orqali temir yo‘l tranzitini tashkil etishda qiyinchiliklar yuzaga keldi. Gap bir necha oy oldin kelishuvga erishilgan Turkmaniston nefti haqida ketmoqda, ammo yetkazib berish kechikmoqda. Shunga qaramay, yaqin orada masala hal bo‘lishiga va ushbu logistika zanjirini faollashtirishimizga umid qilamiz, shundan so‘ng Qozog‘iston nefti ham keladi”, deydi Potsxveriya.
Joriy yil mart oyi boshida Yevropa Ittifoqi Rossiya neftini import qilgani va qayta ishlagani uchun BSP kompaniyasini dastlabki sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan. Bunga o‘tgan yilning oktyabr oyida “Russneft” kompaniyasi Kulevi portiga qayta ishlash uchun 105 ming tonna xom ashyo yetkazib bergani sabab bo‘lgan. Gruziya muxolifatining murojaatidan so‘ng YeI Tbilisidan tushuntirish talab qildi. Keyinchalik, Gruziya hukumati Rossiya neftidan to‘liq voz kechish haqida ishontirgach, BSP sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarildi.
Kulevidagi neftni qayta ishlash zavodi o‘tgan yilning dekabr oyida ishga tushirilgan. Uning hozirgi quvvati yiliga 1,2 million tonna neft mahsulotlarini tashkil etadi va uni 4,5 million tonnagacha oshirish imkoniyati mavjud.
BSP xalqaro hamkorlari orasida Saudi Aramco va Trafigura kompaniyalari bor. Hozirda korxona mazut va dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarmoqda. Rejada “Yevro-5” standartidagi benzin, aviatsiya yoqilg‘isi va yevrodizel ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda ularni eksport qilish ko‘zda tutilgan.
Live
Barchasi