Go‘sht import qiladigan tadbirkorlarga subsidiya ajratiladi
Jamiyat
−
09 aprel 747 1 daqiqa
O‘zbekistonda tadbirkorlarga mol va qo‘y go‘shtini import qilishda subsidiya ajratiladi. Bu haqda Prezidentning joriy yilning 7 aprel kuni qabul qilingan “Aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.
Qarorga ko‘ra, go‘sht mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlashga qaratilgan quyidagi yo‘nalishlarda O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan vaqtinchalik subsidiyalar ajratilishi belgilandi:
Joriy yil 1 apreldan 1 avgustga qadar tadbirkorlarga mol va qo‘y go‘shtini import qilishda, ularni havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizi, biroq har bir kilogramm go‘sht uchun 0,8 AQSH dollaridan oshmagan miqdorda;
Joriy yil 1 apreldan 31 dekabrga qadar xorijiy davlatlardan havo transporti orqali import qilingan nasldor qoramol qiymatining 10 foizi, biroq har bir bosh qoramol uchun 4 mln so‘mdan oshmagan miqdorda.
Mazkur qarorga muvofiq subsidiyalar Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan moliyalashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda bir oyda go‘sht narxi 8 foizgacha qimmatlashgani haqida xabar berilgan edi. 24 mart holatiga ko‘ra, Toshkent shahridagi “Eski juva” (Chorsu) bozorida mol go‘shtining ulgurji narxi 75−108 ming so‘mni tashkil etgan.
Live
Barchasi