Iqlim o‘zgarishi Afrikada halokatli suv toshqinlariga olib keldi — WWA
Olam
−
01 fevral 3645 2 daqiqa
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi va siklli La-Ninya ob-havo hodisasi so‘nggi bir oy ichida Afrikaning janubida yuz bergan halokatli suv toshqinlariga olib kelgan. Ushbu ofatlar oqibatida 200 kishi halok bo‘lgan, yuz minglab odamlar jabrlangan. Bu haqda “World Weather Attribution” tashkiloti hisobotiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Imperial College London va Niderlandiya Qirollik meteorologiya instituti kabi bir qator muassasalar tadqiqotchilarini birlashtirgan tashkilot hisobotida qayd etilishicha, ekstremal jala yomg‘irlarning intensivligi sanoatlashuvdan oldingi davrga nisbatan 40 foizga oshgan. Bu holat okean haroratining issiqxona gazlari chiqindilari bilan bog‘liq ravishda ko‘tarilgani qisman sabab bo‘lganini yaqqol ko‘rsatadi, hozirgi La-Ninya sharoitlari esa vaziyatni yanada og‘irlashtirgan.
Tadqiqotda aytilishicha, 2025 yilning dekabr oyida boshlangan kuchli suv toshqinlari Mozambik, Janubiy Afrika, Zimbabve va Esvatiniga ulkan zarar yetkazgan. Ayrim hududlarda bir necha kun ichida yoqqan yog‘in miqdori yillik me’yordan ham oshib ketgan.
La-Ninya hodisasi Tinch okeanining markaziy va sharqiy qismlarida suv haroratining vaqtincha pasayishi bilan tavsiflanadi. Jahon meteorologiya tashkiloti ushbu siklda La-Ninya kuchsiz bo‘lishini prognoz qilmoqda, biroq iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq holda dengiz suvi haroratining odatdagidan yuqori bo‘lishi suv toshqinlari va qurg‘oqchilik ehtimolini oshirayotganidan ogohlantirmoqda.
Tadqiqot hammuallifi va Niderlandiya Qirollik meteorologiya institutining iqlim masalalari bo‘yicha katta ilmiy xodimi Izidin Pintoning aytishicha, inson faoliyati oqibatida yuzaga kelgan iqlim o‘zgarishi bunday kuchli yog‘ingarchiliklarning keskin ko‘payishiga olib kelmoqda va bu uning yo‘lida qolganlar uchun vayronkor oqibatlarga sabab bo‘lmoqda.
“Bloomberg” esa La-Ninya hodisasi 10 kun ichida yog‘ingarchilik intensivligini taxminan 22 foizga oshirganini, global isish esa buning qariyb ikki baravariga teng ta’sir ko‘rsatganini yozmoqda.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Afrikaning janubida yuz bergan suv toshqinlari oqibatida qariyb 300 kishi halok bo‘lgan. BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra esa kuchli yomg‘irlar oqibatida asosan Esvatini, Madagaskar, Malavi, Mozambik, Janubiy Afrika, Tanzaniya, Zambiya va Zimbabveda qariyb 800 ming kishi jabrlangan. Janubiy Afrika taraqqiyot hamjamiyati bloki ma’lumotlariga ko‘ra esa kamida 1,3 million kishi zarar ko‘rgan, 560 ming nafari esa zarar ko‘rgan mamlakatlarda o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
Live
Barchasi