“Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” medali ta’sis etildi
Jamiyat
−
25 fevral 5115 3 daqiqa
2025 yil 9 mayda Xotira va qadrlash kuni o‘tkazilishi, shuningdek, Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi nishonlanishi munosabati bilan “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” esdalik yubiley medali ta’sis etildi. Bu to‘g‘risida bugun, 25 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni qabul qilindi.
“Belgilab qo‘yilsinki, “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” esdalik yubiley medali bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari – “1941-1945 yillardagi Ulug‘ Vatan urushida Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun” va “Yaponiya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun” medallari bilan, urush yillarida jangovar xizmatlari uchun boshqa orden va medallar bilan mukofotlangan yoki urush qatnashchisi guvohnomasiga yoxud Vatan urushi nogironi guvohnomasiga ega bo‘lgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va ularga tenglashtirilganlar, shuningdek, Ikkinchi jahon urushi yillaridagi front orti mehnat faxriylari, shu jumladan, “1941-1945 yillar Ulug‘ Vatan urushidagi shavkatli mehnati uchun”, “Mehnatdagi jasorati uchun”, “Mehnatda o‘rnak ko‘rsatganligi uchun” medallariga yoki 1941-1945 yillardagi urush davrida Qurolli Kuchlarda fuqaro shaxslarni erkin yollash bo‘yicha shtat lavozimida bo‘lganligi to‘g‘risidagi guvohnomaga ega bo‘lgan mehnat fronti qatnashchilari mukofotlanadi”, deyiladi hujjatda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” esdalik yubiley medali bilan mukofotlanishi lozim bo‘lgan 1941-1945 yillardagi urush faxriylari va nogironlarining, mehnat fronti qatnashchilarining aniq ro‘yxatini tuzib, Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga esa Markaziy bank va “Suvenir” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan birgalikda bir oy muddatda “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” esdalik yubiley medallari va ularning guvohnomalari blanklari belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tayyorlanishini ta’minlash, ikki hafta muddatda esdalik yubiley medallarini topshirish va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 fevraldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi PF–24-son Farmonida nazarda tutilgan bir martalik pul mukofotlarini to‘lash tartibini belgilash topshirildi.
Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Abdulla Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov zimmasiga yuklandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 10 000 AQSH dollari miqdorida bir martalik moddiy yordam berilishi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi