Ishimiz to‘xtab qolmoqda – tadbirkor gaz yetishmovchiligidan norozilik bildirdi

Jamiyat

image

Kecha, 12 fevral kuni Andijon viloyatida hukumat komissiyasi tadbirkorlar bilan uchrashib, duch kelinayotgan muammolarni muhokama qildi. Suhbat davomida Izboskan tumanidagi to‘qimachilik fabrikasining chet ellik egasi gaz yetishmovchiligi faoliyatga jiddiy xalaqit berayotganini aytdi.

“Zavodimiz 24 soat ishlashi kerak, lekin gaz uzib qo‘yilmoqda. Qayta kelishi 1-2 soat davom etadi. Shu sababli 8-10 soatlik ishimiz to‘xtab qolmoqda va hammasini yana qaytadan boshlashga to‘g‘ri kelmoqda. Yiliga 8-10 million dollarlik mahsulot eksport qilamiz, lekin gaz yetishmovchiligi ishimizni sekinlashtiryapti”, deydi tadbirkor.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev muammoni hal qilish zarurligini ta’kidlab, “Qishda gaz bosimi tushadi, tadbirkor mahsulot sifatini saqlay olmaydi. Buni qanday hal qilamiz”, deya savol bilan yuzlangan.

Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov esa korxonalarga isitish uchun elektr toki berish va ishlab chiqarishda uzluksiz gaz yetkazish chorasi ko‘rilishini ma’lum qilgan.

Jamshid Xo‘jayev tadbirkorlarga gaz yetkazishni ta’minlash bo‘yicha loyiha ishlab chiqish zarurligini ta’kidlagan.

“Hududgaz gapirgani bilan qishda bosim tushadi. Tadbirkorga aniq yordam berish uchun dastur tuzinglar”, deydi rasmiy.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev hukumat vakillarining Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida “Hozir metan gaz “zapravka” qurishga ruxsat yo‘q. Bor metan zapravkalarga gaz yetkazib berisholmayapti”, degan edi.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

tadbirkor norozilik gaz etishmovchiligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing