Isitish mavsumida tabiiy gaz uchun bazaviy me’yor 5 barobarga oshiriladi
Jamiyat
−
30 Oktabr 19573 2 daqiqa
Isitish mavsumida tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha ba’zaviy me’yor 5 barobarga oshiriladi. Bu haqda hukumatning “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Qayd etilishicha, noyabr-fevral oylarida har bir oy uchun 500 kub metrgacha, mart-oktyabrda esa har oy uchun 100 kub metrgacha bazaviy me’yor belgilangan.
Kuz-qish mavsumida tabiiy gaz iste’moli yuqori bo‘lganligi sababli Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida oktyabr-fevral oylarida bir oylik “bazaviy me’yor” 500 kub metr qilib belgilangan.
Bundan tashqari, Prezidentning “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, ehtiyojmand oilalarga ishlatilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun davlat tomonidan har oyda kompensatsiya beriladi.
Kompensatsiya miqdori:
- Elektr energiyasi uchun – oyiga bazaviy me’yordan ortiq (200 kVt·soatdan keyingi) 150 kVt·soatgacha;
- Tabiiy gaz uchun – qish oylarida 250 kub metrgacha, boshqa oylarda 150 kub metrgacha ba’zaviy me’yordan ortiq foydalanilgan qismi uchun kompensatsiya beriladi. Ilgari kompensatsiyalar faqat qish oylarida amal qilgan bo‘lsa, endi yil davomida har oyda berilmoqda.
Shuningdek, 2025/2026-yilgi isitish mavsumi uchun noyabr oyida har bir ehtiyojmand oilaga 1 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam beriladi.
Qayd etilishicha, havo haroratidan kelib chiqib, Energetika vazirligi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda, mazkur bazaviy me’yorlarning isitish va boshqa mavsumlardagi amal qilish muddatlariga o‘zgartirish kiritishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida aholi uchun issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflari 15 foizga oshirilib, xizmat uchun yangi ta’riflarni e’lon qilingandi.
Live
Barchasi