Islom taraqqiyot banki O‘zbekiston yo‘llari va ta’limi uchun 164 mln dollar ajratadi
Jamiyat
−
09 fevral 984 2 daqiqa
Islom taraqqiyot banki O‘zbekistonga yo‘l rekonstruksiyasi uchun 70 mln dollar va ta’lim uchun 94,06 mln dollar ajratadi. Bu haqda bankning rasmiy saytida xabar berildi.
Qayd etilishicha, kecha, 8 fevral kuni rivojlanayotgan bozor iqtisodiyotlari bo‘yicha ikkinchi AlUla konferensiyasi doirasida Islom taraqqiyot banki (ITB) prezidenti Muhammad Al Jassir hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov muhim infratuzilma va ijtimoiy rivojlanish loyihalarini ilgari surish maqsadida moliyalashtirish bitimlarini imzolagan.
Hujjatlarni imzolash marosimidan avval tomonlar ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazib, ITB –O‘zbekiston hamkorligini kengaytirish, O‘zbekistonning milliy rivojlanish maqsadlariga mos yuqori samarali tashabbuslarni jadallashtirish masalalarini muhokama qilgan.
Birinchi bitim ITB tomonidan ajratilayotgan jami 192 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ning 70 million dollarlik bosqichini o‘z ichiga oladi. Ushbu mablag‘ 4R40 Dashtobod–Zomin–Baxmal–G‘allaorol avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish loyihasiga yo‘naltiriladi. Moliyalashtirish Jizzax viloyatidagi 4R40 mintaqaviy avtomagistralining 143 kilometr qismini qayta qurish hamda 30 kilometr mahalliy va qishloq yo‘llarini ta’mirlashni nazarda tutadi.
Bildirilishicha, mazkur tashabbus tranzitdagi tor joylarni bartaraf etish va 200 ming nafar aholining xavfsizligini oshirishga qaratilgan. M39 xalqaro yo‘lagiga tutash muhim yo‘lni modernizatsiya qilish orqali loyiha bozorlarga va ijtimoiy xizmatlarga kirishni yaxshilaydi hamda hududning iqtisodiy va turizm salohiyatini ochib beradi.
Ikkinchi bitim ITBning jami 160,25 million dollarlik hissasining 94,06 million dollarlik bosqichini rasmiylashtiradi. Mablag‘ SmartEd loyihasini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
SmartEd loyihasi doirasida respublika bo‘ylab 58 ta yangi ta’lim muassasasi qurilib, jihozlanadi hamda mavjud maktablarga qo‘shimcha 2 431 ta sinfxona quriladi. Loyiha har yili 72 930 nafar o‘quvchiga foyda keltiradigan inklyuziv va kompetensiyaga asoslangan ta’lim tizimini shakllantirishni, shuningdek 36 115 nafardan ortiq o‘qituvchi va ma’muriy xodimlar uchun maxsus tayyorgarlik dasturlarini tashkil etishni ko‘zda tutadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston Respublikasiga Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik -koridorining asosiy qismini modernizatsiya qilish uchun 233,1 million AQSH dollari miqdorida qarz ajratishni ma’qullagan edi.
Live
Barchasi