Prezident o‘qituvchilarning oyligini oshirishga va’da berdi. Qirg‘izistonda!
Olam
−
29 avgust 3323 2 daqiqa
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov o‘qituvchilarning maoshini oshirishga va’da berdi. Bu haqda u bugun, 29 avgust kuni O‘sh shahrida Valentina Tereshkova nomidagi yangi maktab internati binosining ochilish marosimi so‘z ochdi.
“Endi nafaqat ta’limning tuzilishi, balki uning mazmuni ham o‘zgaradi. Yangi maktablar, yangi darsliklar va metodik dasturlar bilan birga biz pedagoglarning ish haqini ham oshiramiz”, deydi Qirg‘iziston Prezidenti.
U ushbu ta’lim muassasasi – birinchi ayol kosmonavt nomini olgan maktab zamonaviy ko‘rinishda qayta tiklangani va o‘quvchilarni qabul qilishga tayyor ekanini ta’kidlagan.
“Barchani mustaqilligimizning 34 yilligi arafasida ushbu muhim voqea bilan tabriklayman. Yangi bilim maskani ilm va ezgu yutuqlar manbai bo‘lsin”, deydi Japarov.
Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, mazkur maktab 1964 yilda qurilgan va Tereshkovaning parvozi sharafiga uning nomi berilgan. Ilk yillardan boshlab u ijtimoiy missiyani bajargan – janubiy hududlardagi ko‘p bolali va kam ta’minlangan oilalar farzandlarini ta’lim bilan ta’minlagan. Uning bitiruvchilari orasida deputatlar, vazirlar va jamoat arboblari bor. Qirg‘iziston Davlat xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiev ham ushbu maktab bitiruvchisi bo‘lib, 2022 yilda yangi bino qurilishi tashabbusini ilgari surgan. 2,3 gektar maydonda 700 o‘rinli o‘quv korpusi va 500 o‘rinli yotoqxona bunyod etilgan.
Sadir Japarov, shuningdek, mamlakatda olib borilayotgan ta’lim islohotlarini eslatib o‘tgan: maktablarda 12 yillik o‘qishga o‘tish, yangi standartlarni joriy etish va dasturlarni yangilash. Qirg‘izistonda o‘qituvchilarga 27 mingta noutbuk topshirilgan. 2025-2026 o‘quv yilida yangi darsliklar uchun 744 mln so‘m ajratilgan.
Japarov Tereshkova nomidagi maktabning ochilishi butun mamlakat bo‘ylab 100 ta ijtimoiy ob’ekt – maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar, madaniy va sport markazlari foydalanishga topshirilishi bilan bir paytda amalga oshganini aytib o‘tgan.
Ma’lumot uchun, ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘izistonda o‘qituvchilarning o‘rtacha oylik maoshi 42 500 qirg‘iz somini (taxminan 6 mln so‘m) tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 2019 yildan buyon ta’lim byudjeti uch barobarga oshgani, 1200 dan ortiq yangi maktab qurilgani, o‘qituvchilar maoshi ikki barobarga ko‘tarilganini aytgan edi. Shuningdek, u yuzlab maktablar zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlanib, qishloq va shahar o‘quvchilari uchun imkoniyatlarni tenglashtirish ishlari davom etayotganini qayd etgan.