Ispaniya 500 ming nafar muhojirga qonuniy maqom beradi
Olam
−
28 yanvar 1334 2 daqiqa
Kecha, 27 yanvar kuni Ispaniya hukumati mamlakat hududida noqonuniy ravishda yashab kelayotgan 500 ming nafar muhojirga bir yillik qonuniy yashash va ishlash ruxsatnomasi berishni ma’lum qildi. Bu haqda “NewsWeek” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur qaror Ispaniyaning mehnat bozorida ishchi kuchi tanqisligi hamda muhojirlarning katta qismi iqtisodiyotning asosiy sohalarida norasmiy ishlayotgani sabab qabul qilingan.
“Hukumat mamlakatimizda yashab kelayotgan insonlarni qadrlaydi va ularni tan oladi”, deydi Ispaniya Migratsiya vaziri Elma Sais.
Uning aytishicha, muhojirlar qonuniy hujjatga ega bo‘lishi uchun bir qator talablarga mos kelishi shart. Jumladan, mamlakat hududida kamida besh oy davomida yashagan bo‘lishi, jinoiy javobgarlikka tortilmagan bo‘lishi, Ispaniyaga 2025 yil 31 dekabrgacha kirib kelgan bo‘lishi lozim.
Yangi chora-tadbir orqali muhojirlar rasmiy mehnat shartnomasi asosida ishlash, davlat tibbiy xizmatidan foydalanish, ijtimoiy sug‘urta tizimiga qo‘shilish, bolalarini maktab va bog‘chalarga qonuniy joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mutaxassislarning fikricha, bu qaror muhojirlarning ekspluatatsiya qilinishi, kam maoshli va xavfli mehnatga majbur bo‘lish holatlarini kamaytiradi.
Shuningdek, ushbu jarayon Ispaniya iqtisodiyoti uchun ham foydali. Rasmiy maqomga ega bo‘lgan muhojirlar soliq to‘lay boshlaydi. Bu siyosat mamlakatda yashirin mehnat bozorini qisqartiradi, davlat byudjetiga tushumni oshiradi.
Rasmiylarga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarida ishchi kuchiga bo‘lgan talab yuqori bo‘lib qolmoqda. Shu sababli hukumat xorijliklarni iqtisodiyotga integratsiya qilish orqali ishlab chiqarish barqarorligini saqlab qolishni maqsad qilgan.
Yangi tashabbus muhojirlar huquqini himoya qiluvchi tashkilotlar tomonidan ijobiy qarshi olindi. Ular bu qaror muhojirlarga huquqiy aniqlik va ijtimoiy himoya berishini ta’kidlamoqda.
Shu bilan birga, ayrim siyosiy kuchlar mamlakatga migrantlar oqimi ortishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. Biroq hukumat bu chora vaqtinchalik va nazoratli ekanini, barcha muhojirlarga avtomatik ravishda emas, balki faqat belgilangan talablarga javob beruvchilarga nisbatan qo‘llanilishini ma’lum qildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yangi tartib taxminan 500 ming nafar muhojirga naf keltirishi mumkin. Ayrim mustaqil tashkilotlar esa Ispaniyada hujjatsiz yashovchilar soni 800 ming nafargacha yetishi mumkinligini bildirmoqda.
Sunnatova Farangiz
Live
Barchasi