“Isroil aybdor”. Eron bo‘ylab dafn marosimlari o‘tkazildi (video)
Olam
−
10 yanvar 12918 2 daqiqa
Eronliklar so‘nggi bir necha kun davomida qurolli tartibsizliklar paytida halok bo‘lgan xavfsizlik kuchlari a’zolari uchun ommaviy dafn marosimlarida qatnashdi. Bu haqda Press TV xabar berdi.
Qayd etilishicha, dafn marosimlari Sheroz, Qum va Hamadon shaharlarida bo‘lib o‘tgan. Eronning eng yuqori xavfsizlik organi so‘nggi kunlardagi tartibsizliklarni AQSH va Isroil uyushtirayotganini ma’lum qilgan. Mamlakat Oliy milliy xavfsizlik kengashi kotibi Ali Larijani AQSH Prezidentining bayonotlari Eron xalqining hayotini izdan chiqarishga harakat bo‘layotganini tasdiqlashini aytgan.
“Noroziliklar dastlab iqtisodiy muammolarga qarshi boshlangan bo‘lsa-da, keyinchalik Isroil tomonidan Eronni beqarorlashtirishga yo‘naltirilgan. Eron xalqi allaqachon Isroilga qarshi 12 kunlik urushdagi kabi birdamlik namoyish etdi va bundan keyin ham barcha vayronkor rejalar shu birdamlik bilan muvaffaqiyatsizlikka uchraydi”, deydi Larijani.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning so‘nggi kunlarida Eron poytaxti Tehronda mahalliy valyuta – eron riali qiymatining keskin pasayishi fonida norozilik namoyishlari boshlangan edi.
Keyinroq bu namoyishlar kuchayib ketdi. Og‘ir iqtisodiy vaziyat va yuqori inflyatsiya fonida boshlangan namoyishlarning beshinchi kunida norozilik chog‘ida 6 kishi halok bo‘lgani va 17 kishi jarohat olgani ma’lum bo‘ldi.
3 yanvar kuni Oyatulloh Ali Xomanaiy birinchi marta mamlakatda davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlari haqida ochiq gapirdi. Davlat televideniyesida so‘zlagan nutqida u voqealarni “ichki va tashqi dushmanlarning fitnasi” deb atagan va “tartibsizliklarni qo‘zg‘atuvchilar”ning harakatlariga qattiq qarshilik ko‘rsatishni talab qilgandi.
Ushbu tartibsizliklaring to‘qqizinchi kunida kamida 35 kishi halok bo‘lgani, 1200 dan ortiq odam hibsga olingani ma’lum bo‘ldi. O‘sha vaqtga kelib 2025 yil 28 dekabr kuni boshlangan norozilik namoyishlari mamlakatdagi 31 viloyatning 27 tasida, kamida 88 shaharda kuzatildi. Huquq himoyachilarining yozishicha, ba’zan Eron xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarshi kuch ishlatgan.
6 yanvardan bugun, 7 yanvarga o‘tar kechasi esa Eronning Iroq bilan chegaraga yaqin joylashgan Obidanon shahri (Ilom viloyati) namoyishchilar tomonidan to‘liq nazoratga olingani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Biroq keyinroq, Eronning “Tasnim” va “Mehr” axborot agentliklari G‘arb OAVlarida tarqalgan Malikshohi okrugi va Obidanon shahri namoyishchilar tomonidan egallab olingani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Tartibsizliklarning 12-kunida esa mamlakatda internet segmentidagi trafik butunlay o‘chirildi. Cloudflare IT-kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, 8 yanvar kuni Erondagi internet-trafik qariyb 90 foizga kamaygan. Taxminlarga ko‘ra, internetdan erkin foydalanish faqat mansabdorlar va kuch tuzilmalari vakillarida saqlanib qolgan.
Live
Barchasi