Isroil Xomanaiyni Gitlerga qiyosladi
Olam
−
20 iyun 6783 2 daqiqa
Kecha, 19 iyun kuni Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats Eron Oliy yetakchisi Oyatulloh Ali Xomanaiy haqida keskin bayonot berdi va uni Gitlerga o‘xshatdi. Bu haqda u Eronning raketa hujumlaridan zarar ko‘rgan mamlakat markazidagi Xolon shahrini ko‘zdan kechirayotganida so‘z ochdi.
“Urushning maqsadi – Eronning yadroviy tahdidini bartaraf etish, halokat manbalarini yo‘q qilish va raketa xavfini neytrallashtirish. Bu doirada Isroil mudofaa armiyasiga tegishli ko‘rsatmalar berilgan va biz aniq bilamizki, bu maqsadlarga erishish uchun bu odam endi mavjud bo‘lmasligi kerak”, deydi Kats.
“The Times of Israel”ning yozishicha, u Xomanaiyni “zamonaviy Gitler” deb atagan.
“Agar Xolokost davrida Gitler yashiringan bunkerga yetib borish imkoniyati bo‘lganida, Isroil armiyasi uni ushlab, yo‘q qilgan bo‘lardi. Bugungi holatda ham aynan shuni ko‘ryapman – Xomanaiy bu zamonaviy Gitler”, degan u.
Katsning aytishicha, Oyatulloh Xomanaiy Eron ichida kuchli mafkuraviy ta’sirga ega va bu ta’sirni Isroilni yo‘q qilish maqsadida ishlatmoqda.
“U mavjud barcha resurslarni, hatto o‘z xalqining hisobidan ham, shu maqsadga yo‘naltirgan. Bugun esa biz uning to‘g‘ridan to‘g‘ri buyruqlari asosida shifoxonalar va turarjoy binolariga zarba berilayotganiga guvohmiz”, degan u.
Gap kecha, 19 iyun kuni Eron tomonidan Beer-Shevadagi “Soroka” shifoxonasiga qilingan raketa hujumi haqida ketmoqda. Katsning ta’kidlashicha, bu hujumlar “tasodif emas”, balki “Isroil davlatini yo‘q qilish missiyasi”ning bir qismi sifatida ko‘rilmoqda.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham Tehronga qattiq javob bilan tahdid qilgan.
“Bugun ertalab eronlik terrorchi zolimlar Beer-Shevadagi “Soroka” shifoxonasi va markaziy hududdagi tinch aholiga raketalar yo‘lladi. Biz Tehrondagi zolimlardan to‘liq javobgarlikni undiramiz”, deya yozgan u X’dagi sahifasida.
Shuningdek, xabarlarga ko‘ra, AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroilning Xomanaiyni yo‘q qilish rejasiga veto qo‘ygan. Netanyaxu esa “Xomanaiyni o‘ldirish mojaroni kuchaytirmaydi, balki yakunlaydi”, deb bayonot bergan edi.
“Iran International” manbalarining yozishicha, Isroil operatsiyasi boshlanganidan so‘ng Xomanaiy o‘z oilasi bilan Tehron shimoli-sharqidagi bunkerga yashiringan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil hududiga yangi raketa hujumlari uyushtirilgani va ulardan biri Isroil janubidagi Beer-Sheva shahrida joylashgan “Soroka” nomli shifoxonaga tushgani xabar qilingandi. Keyinroq esa ushbu hujumning asl nishoni SAXAL tomonidan foydalanilgan Gav-Yam Negev texnologik parki bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.
Live
Barchasi